Jamiyat | 11:51 / 11.07.2020
79253
2 daqiqa o‘qiladi

Toyloqlik yosh ona: dastlabki natijalar chaqaloq haqiqatan ham uning o‘z farzandi ekanini tasdiqlamoqda

Kun.uz saytida Toyloq tuman tibbiyot birlashmasida farzandini dunyoga keltirgan yosh onaning noqulay ahvolga tushib qolgani haqida maqola e'lon qilingandi.

Maqolada farzandi operatsiya yo‘li bilan tug‘ilgach, ona jismoniy holatidan kelib chiqib, chaqaloqni qo‘liga olib qaray olmagani, shifokorlar esa tashqarida uning yaqinlariga o‘g‘il farzand tug‘ilganini xabar qilishgani, ammo ikki kundan so‘ng chaqaloq qiz bola ekani aytilgani haqida so‘z boradi.

Ushbu holat yuzasidan Toyloq tuman hokimligi hamda Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatlari munosabat bildirdi.

Axborot xizmati bergan xabarda ayni vaqtda holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borayotgani aytilgan.

Tuman prokuraturasining ma'lum qilishicha, chaqaloq va uning otasidan qon tahlili olingan. Ota va qizning qon guruhiy mansubligi bir xil natija ko‘rsatgan.

«Shu tahlilning o‘ziyoq F.Obloberdiyevaning farzandi aslida ham qiz bola ekanini tasdiqlamoqda. Biroq ota-onaning bu tahlildan ko‘ngli to‘lmasa, DNK ekspertizasi o‘tkazilishi mumkin», – deyiladi munosabatda.

Kun.uz chaqaloqning yaqinlari bilan bog‘landi. Ular ayni vaqtda qizaloqni uylariga olib ketishgani va tuman prokuraturasi tashabbusi bilan DNK ekspertizasi uchun namuna olinganini ma'lum qilishdi.

Mavzuga oid