Jamiyat | 13:13 / 16.07.2020
38079
11 daqiqa o‘qiladi

Baxmalda fermerlarning yeri tovon to‘lanmasdan italyanlarga berilmoqda: deputatlar kimning foydasiga qo‘l ko‘tarishgan?

Sayt tahririyatiga Baxmal tumanida bir guruh fermerlarning yeri noqonuniy olib qo‘yilayotgani haqida xabar keldi. Ular o‘z yerini obod qilish uchun bir necha yuz millionlab xarajat qilishgan. Ammo bu bilan hech kimning ishi bo‘lmayotgani haqida ma'lum qilishdi.

Kun.uz muxbirlari holatni o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida bo‘lishdi. Vaziyatni rasmiy idoralarda tushuntirishdan ko‘ra, fermerlar dehqonchiligi, mehnatlari mahsulini ko‘rishimiz maqsadida dalaga boshlashdi.

Ochig‘ini aytish kerak, so‘nggi yillarda fermer xo‘jaliklarni tartibga olish, optimallashtirish maqsadida kimdandir yer olindi, kimgadir qo‘shildi. Harqalay, bu islohot bilan endi xato qilmaslik, yana qaysidir fermerning «burnini qonatish»ga yo‘l qo‘ymaslik maqsad qilindi. Shuning barobarida, yer o‘z egasini topsin, deyildi.

Endi bir misol. «Shahboz-Javohir» fermer xo‘jaligining faoliyati 2019 yilning yozida qayta ko‘rib chiqilgan. Baxmal tumani hokimi Musa Anorboyevning qarori bilan xo‘jalikka qo‘shimcha yer ajratilgan. E'tibor qiling, bu masala xalq deputatlari tuman kengashining sessiyasida muhokama ham etilgan. Uzoq muddatga fermer foydalanishi ko‘zda tutilgan.

Buni qarangki, hokimlik belgilab bergan o‘sha «uzoq muddat» atigi bir yil ekan!

«Shahboz-Javohir» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Abdumutal Qarshiyevning aytishicha, bu yerlar xo‘jalikka topshirilayotgan vaqtda yantoqzor bo‘lgan. Suvli yer, deb hisoblangani bilan bu hududlarga ariq suvi yetib kelishi ham oson emas. Shu sababli aksariyat xo‘jaliklar o‘zi uchun elektr energiyasi tortib kelgan va artezian quduqlari orqali ekinini sug‘oradi. Abdumutal aka yer olib qo‘yilayotgani sababli uch-to‘rt yil davomida qilingan sarf-xarajatga kuyib qolayotgani haqida gapirdi.

«Ishlamayotgan, shartnoma rejasini bajarmayotgan bo‘lsak ham mayli edi. Kerak bo‘lsa, har yili qo‘shimcha pilla ham topshiramiz. Ikki-uch kun avval kimningdir topshirig‘i bilan artezian quduqlar uchun tortib kelingan elektr energiyasini uzib ketishdi. Natijada, ekinlarimiz qurib-qaqshab qolyapti», deydi ish boshqaruvchi.

«Nigora Tog‘ayeva» fermer xo‘jaligida ham ahvol shu. Xo‘jalik raisi Sherqul Safarovning aytishicha, u uch yil avval faoliyatini boshlagan.

«Yigirma yillar davomida bu joylarga birov e'tibor qilmagan, tashlandiq yerlar edi. Tumanimizning avvalgi hokimi aksariyatimizga ikki gektardan suvli yer berib, qolganiga lalmi, yaylov yerlarni obod qilish, artizian qazib, bog‘dorchilik qilishimiz shartini qo‘ygandi. Shunga ishonib tok ekdik, bog‘ qildik, yerni uvol qilmaslik uchun bog‘ orasini ham bekor qo‘ymadik. Endi tayyor bo‘lay, degan ekinlarimiz, bog‘larimizni buzib tashlamoqchi bo‘lishyapti», deydi u.

Tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, hokimlik nega fermerlarning yerini qaytarib olmoqchi?

Fermerlarga hokimlik vakillarining ma'lum qilishicha, bu hududlarda za'faron o‘simligi ekilishi rejalashtirilayotgan ekan.

«O‘n bir gektar yerda bog‘dorchilik qilib, nihol oralariga ham ekin ekib kelyapmiz. Jami 3200 tup bog‘imiz hosilga kirdi. Menga bu yerlar klasterga beriladi deyishgach, bog‘imni ko‘rsatdim. Mayli, mehnatim, qilgan xarajatlarimni baholatamiz, to‘lab berasizlar, dedim. «Yo‘q, kerak bo‘lsa o‘zingiz buzib, tozalab berasiz», deyishdi. Klaster vakillari ham kelib «hokimlik nega bizga hosildor yerlarni beryapti», deb hayron. Ularga ham shu taklifimni berdim, buzishsin, tovonini to‘lab berishsin. Klasterdagilar bunga kelishilmaganini aytib, kerak bo‘lsa hokimlikka borib yeringizni dasturdan chiqarib oling, deyishdi. Xullas, bizni na hokimlik, na fermerlar kengashi himoya qilyapti», deydi «Jo‘rabek Doston dalasi» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Jo‘rabek Po‘latov.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Baxmal tumani hokimligida bo‘ldik. Tuman hokimi Musa Anorboyev yig‘ilishda bo‘lgani sababli qisqa izoh berdi. U kishi hammasi qonun doirasida ketayotgani va hokimlikning tegishli vakillari ma'lumot berishini ma'lum qildi.

Ushbu masala yuzasidan tuman investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Umarov ma'lumot beradigan bo‘ldi. 

«Joriy yilning mart oyida Italiyadan delegatsiya keldi. O‘sha uchrashuvda bir qator vazirliklar, viloyat, tuman hokimi ishtirokida ushbu loyiha tasdiqlandi. Ya'ni, biz Italiyaning «Opera SRL» kompaniyasi bilan hamkorlikda 27 million AQSh dollarlik loyiha asosida 400 gektar yerda za'faron o‘simligi yetishtirmoqchimiz. Investorlarga ikki-uchta joyni ko‘rsatdik, ularga aynan «Tongotar» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi o‘sha joylar ma'qul keldi. Ushbu loyiha xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasida ko‘rib chiqildi va ma'qullandi. Shundan so‘ng «BMB Opera Zafferano» qo‘shma korxonasini tashkil qildik va hozirgi vaqtda ishlar boshlanib ketgan. Shu kunlarda italiyalik mutaxassislar kelishi kutilyapti», — deydi hokim o‘rinbosari.

D.Umarov loyiha amalga oshgach, 200ta doimiy ish o‘rni, 3500ta mavsumiy ish o‘rni yaratilishini ma'lum qildi. Hozirgi kunda qo‘shma korxonaga olib berilayotgan ushbu hududda 38ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatib kelgan. Hokim o‘rinbosari fermer xo‘jaliklari ko‘radigan zarar «BMB Opera Zafferano» qo‘shma korxonasi tomonidan to‘lab berilishini aytib o‘tdi.

Tuman hokimligi vakili fermerlardan yerning olib qo‘yilishiga yagona asos sifatida XALQ DePUTATLARI TUMAN KeNGAShINING QARORIni ilova qildi. Bundan tashqari, tuman hokimi tasdiqlagan bayonnoma ham bor, ammo u aynan hokimlikning «kayfiyati» bilan tayyorlanadigan hujjat hisoblanadi. Fermerlar kengashining xulosasi bor deyilgan bo‘lsa-da, bu hujjat bizga taqdim etilmadi. Vaholanki, o‘sha xulosa haqiqatda bo‘lgan taqdirda ham unda fermerning yoni olinmagan bo‘lishi tabiiy! (Bu kengash fermerlarga yordam berish uchun tuzilganmidi o‘zi, degan ritorik savol tug‘iladi).

Boz ustiga, D.Umarov gap orasida «qonunlarimiz xorijiy investorlarning haq-huquqlarini mustahkam himoya qilishi»ni eslatib o‘tdi. Nima, qonunlarimiz mahalliy fermerlarning haq-huquqlarini toptash uchun yaratilganmi unda? Qonun barchaga barobar ishlashi kerak emasmi?

Murojaatni o‘rganib qaytganimizdan so‘ng «BMB Trade Group» kompaniyasining («BMB Opera Zafferano» qo‘shma korxonasi ham shuning negizida tashkil qilingan) bosh direktorining OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Bahodir Kamilov biz bilan bog‘landi. U kishi OAVda yoritadigan ma'lumotingiz xolis bo‘lishi uchun biz bilan hamkorlik qilishingiz so‘raladi, deganidan so‘ng atigi bitta savol berdik: Baxmal tuman hokimligi aytayotganidek, fermer xo‘jaliklari ko‘radigan zararni qoplab berish kompaniyaning rejasida bormi?

10 iyul kuni jo‘natgan so‘rovimizga bir og‘iz «ha» yoki «yo‘q» deyilishini kutyapmiz, ammo javob berilmadi.

Qo‘yilgan muayyan savolga javob berish o‘rniga, B.Kamilov Baxmal tumanida Italiya bilan 25 mln yevroga teng bo‘lgan qo‘shma investitsiyaviy loyiha amalga oshirilayotgani, mazkur loyiha O‘zbekiston va Italiya xukumatlararo komissiyasining ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturida alohida o‘rin olgani va shu yil davlat rahbarining Italiyaga tashrifi kun tartibiga qo‘yilganini ta'kidladi.

B.Kamilovning alohida ta'kidlashicha, mazkur loyiha kompaniya manfaatlari bilan cheklanib qolmay, respublikamizning xalqaro maydondagi siyosiy imijini ko‘tarishga ham xizmat qilar ekan, shu tufayli u bilan bog‘liq vaziyatni yoritishda barcha oqibatlari uchun mas'ulligimizni unutmasligimiz kerak ekan.

Iye, bu qanaqasi? Fermerlar qilgan xarajatiga kuyib qolyapti. Ko‘rinib turibdiki, tuman kengashi qarorida qayd etilganiga qaramasdan, italiyaliklar bilan gapni bir joyga qo‘ygan mahalliy hamkorlar fermerlarning zararini qoplab bermoqchi emas. «Mol achchig‘i — jon achchig‘i», deganlaridek, baxmallik fermerlar o‘ta g‘azabda.

Xo‘sh, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi siyosiy imijni kim pasaytirayotgan bo‘ladi shunda? Birovning zahmat chekib ochgan yeriga hech qanday tovon pullarisiz kirib kelayotgan italiyaliklarmi, mehnatiga joni achiyotgan fermerlarmi? Umuman, o‘sha Italiyadagi hamkorlarning masala mana shunday tus olayotganidan xabari bormikan?

Murojaatchi fermerlarning qo‘ng‘irog‘i tingani yo‘q. Eshitdikki, Jizzaxda bog‘larni buzish, fermerlarga turli mahalliy tashkilotlar orqali bosim o‘tkazish tinmayapti. Aksincha yanada kuchayib borayotgani haqida xabarlar kelib turibdi. Videolar tashlab berilyapti...

Biz murojaatni o‘rganish chog‘imizda Baxmal tumanida qo‘shma korxonaga yeri olib berilayotgan yana sakkizta fermer xo‘jaligi haqida ma'lumot keldi.

Juda og‘ir savol paydo bo‘lmoqda: Xalq deputatlari tuman kengashlarining sessiyasida masalalarning qanday muhokama etilishidan yaxshi xabardormiz. Nega atigi bir yil avval boshqa qo‘shiq, endi boshqa qo‘shiq aytilyapti? Uzoqni o‘ylab qilinayotgan islohot qani? 30 nafar xalq vakili – deputatlarning qo‘l ko‘tarishi fuqaroning foydasiga xizmat qilmas ekan, unda zarari ham tegmasin!

Kun.uz tegishli tashkilotlardan mazkur vaziyatga xolis munosabat kutadi.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi: Jahongir ALIBOYeV. 

Mavzuga oid