Xususan, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar davlat rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

Tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, prezident pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotganini aytdi. Jumladan, oxirgi to‘rt kunda mamlakat bo‘yicha yangi aniqlangan 2136 nafar bemorning 1218tasi (ya'ni, 57 foizi) poytaxt shahar va Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Koronavirusga shubha bo‘lgan barcha bemorlar infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, zotiljam va nafas yetishmovchiligining klinik belgilari mavjudligiga asoslangan holda davolash muassasalariga qabul qilinishi belgilandi.

Toshkent shahrida mavjud 16ta klinikaga qo‘shimcha Covid-19’ga  shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan yana 7ta 850 o‘rinli «provizor» klinikalar tashkil qilindi. Ushbu klinikalarning tibbiyot xodimlariga har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq to‘lash masalasi hal qilindi.

Bugundan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan har bir maxsus shifoxonada alohida tijorat bankining kassalari tashkil qilinib, shifokorlarning 14 kunlik ish xaqini joyida olish tizimi joriy etilishi ta'kidlandi.

«Koronavirusli bemorlar uchun ajratilgan shifoxonalarga qo‘shimcha 285 dona o‘pka sun'iy ventilyatsiyasi apparati, 155 dona o‘pkani yordamchi nafas oldirish uskunasi, 140 dona kislorod konsentratori, 200ta funksional yotoqlar bilan ta'minlandi», deya qayd etildi yig‘ilishda.

«O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida ushbu virusga shubhali bo‘lgan bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchi 500 o‘rinli Taqsimlovchi markaz tashkil qilinmoqda.

Xususiy klinikalarga ham bunday bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga ruxsat berildi va hozirda ularning ro‘yxati tuzilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tuman bo‘limlariga koronavirusga PsR-analizi olishga va tahlil javobini Respublika agentligiga yubormasdan, bevosita bemorlarga topshirish tartibi o‘rnatildi va bu orqali tahlil javoblarini kutish davri qisqaradi.