Turdimovning ma'lum qilishicha, pandemiya boshlagandan buyon viloyatda qariyb 110 ming nafardan oshiq fuqarolardan test sinovlari olingan. Hozirda har kuni 1800-2000ta test tahlillari o‘tkazilmoqda.

Ayni paytda Samarqand viloyatida 15 mingdan oshiq test zaxiralari mavjud. Agar test taqchilligi yuzaga kelsa, markazlashgan tartibda yetkazib berish imkoniyati borligi aytildi.

«Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘pchilik immunoferment analizlari olinadimi (qonda virus borligini aniqlash uchun), deb so‘rashyapti. Bu amaliyot bugungi kunda xususiy sektorda yo‘lga qo‘yildi. «Parizoda medikal servis» xususiy klinikasida pullik tartibda test sinovlari olina boshlandi. Bitta test sinovi 240 ming so‘m. 20 iyuldan yana bir xususiy shifoxonada diagnostika ishlari boshlanadi.

Shu o‘rinda xususiy tibbiyot muassasalari rahbarlariga murojaat qilmoqchiman, xususiy klinika rahbarlaridan yana kimdir mazkur tahlillarni olmoqchi bo‘lsa, imkoniyati bo‘lsa, bizga murojaat qilish mumkin.

Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, bugungi kunda test sinovlariga talab oshib ketdi. Ko‘pchilik bu test tahlilini olishni xohlaydi. Ammo biz kasallik belgilari bo‘lmagan fuqarolardan hozircha test ololmaymiz.

Agar hech qanday kasallik alomatlari kuzatilmagan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lmagan fuqarolar o‘zlarining xotirjamligi uchun test topshirmoqchi bo‘lsa, marhamat, xususiy tibbiy muassasalarga murojaat qilib, shartnoma asosida testdan o‘tishlari mumkin», – deydi Turdimov.

Viloyat hokimiga ko‘ra, ko‘pgina korxona rahbarlari ham SEO markazlariga qo‘ng‘iroq qilib butun jamoasini testdan o‘tkazishni talab qilmoqda. Ammo ular ham pulini to‘lab, korxonasi jamoasini testdan o‘tkazishi lozim.

Viloyat hokimligi birinchi navbatda kasallik alomatlari bo‘lgan, bemorlar bilan muloqot qilgan fuqarolardan tahlil olishni ta'minlaydi.

Viloyat rahbari bu holatga ham to‘xtalgan: «Afsuski, barchani birdek testdan o‘tkazishga imkoniyatimiz yetarli emas. Aslida tegishli uskuna 6 soatda test natijasini chiqaradi. Ammo hozirda bu bir kun, hattoki ikki kungacha cho‘zilib ketyapti. Sababi mana shu – talab yuqoriligi, navbat kattaligi uchun shunday bo‘lyapti.

Lekin bir narsani yana bir marta alohida aytishim kerak: kasallik alomatlari bo‘lgan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslardan birinchi navbatda, zudlik bilan tahlil olishimiz shart».