O‘zbekiston | 16:20 / 20.07.2020
18606
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda antitanalarni aniqlash uchun test olish boshlanadi, aholining qancha qismida koronavirusga immunitet borligi aniqlanadi

O‘zbekistonda aholini virusga tekshirish uchun ekspress va immunoferment testlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Xalqaro press-klubning koronavirusga oid vaziyat tahliliga bag‘ishlangan sessiyasida ishtirok etgan Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov PZR, ekspress va immunoferment test tizimlari haqida ma'lumot berdi.

«Koronavirusga tashxis qo‘yish uchun amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan uchta laboratoriya usuli mavjud. Bular – PZR (polimer zanjir reaksiyasi), immunoferment tahlil usuli (IFA) va ekspress test.

PZR natijalarining chiqishi ko‘proq vaqt talab qiladi, IFA va ekspress test natijalari tez chiqadi. Ammo ular bevosita kasallik antigenini emas, kasallik antigeni organizmga tushgandan keyin unga immunitetning bergan javob reaksiyasi – antitanachalarni aniqlashga qaratilgan.

Ekspress tizimida test oladigan bo‘lsak, natija 20 daqiqada paydo bo‘ladi. Lekin buning uchun odam yo kasallanib sog‘aygan bo‘lishi, yo kasallikning taxminan 10-kunlarini boshdan kechirayotgan bo‘lishi kerak, toki test immunitet hosil qilgan antitanachalarni ilg‘ay olsin», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, yaqin orada ekspress va IFA tizimi orqali virus uchun test olish yo‘lga qo‘yiladi.

«Ekspress va IFA tizimida test olish ham yaqin orada yo‘lga qo‘yiladi. Bu masala respublika maxsus komissiyasi protokoliga kiritilgan, SEOA ham kerakli ishlarni boshladi.

Kimdir kasallikka chalinib, shundan keyin immunitet hosil qilsa, kimdir kasallik tarqagan hududda yashab turib ham immunitet shakllantiradi – virusdan oz-ozdan olgan holda immunitet moslashadi. Ma'lum bir hudud aholisining 70 foizi kasallik bilan kasallansa, shu orqali qolgan 30 foizni ham himoya qilish mumkin bo‘ladi», dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, professor Habibullo Oqilov odatiy zotiljam (pnevmoniya) va koronavirus negizida rivojlanuvchi zotiljam farqini tushuntirdi.

«Oddiy (bakterial) pnevmoniya 100 yillardan beri davolab kelinyapti, uni shifokorlar juda yaxshi tanishadi. Bunda zotiljam virusli yoki bakterial bo‘lsa, yoki virusli bo‘lib keyin bakteriya qo‘shilgan bo‘lsa, pnevmoniya bronxlarda va o‘pka alveolalarining ichida rivojlanadi. Yallig‘lanish jarayonlari shu yerlarda kechadi.

Koronavirus negizida paydo bo‘luvchi pnevmoniya esa o‘pka alveolalari atrofidagi mayda qon tomirlari – kapillyarlarda rivojlanadi. Kapillyarlar alveolalarni qon bilan ta'minlashi kerak, pnevmoniya natijasida qon tanachalari bir-biriga yopishib, qonning yetib borishi qiyinlashadi. Bu kimyoviy pnevmoniya deyiladi.

Odatdagi pnevmoniyada shamollash, yalllig‘lanish jarayonlari 1 hafta, 10 kun davomida bosqichma-bosqich rivojlanadigan bo‘lsa, koronavirusda buning uchun atigi 2-4 soat kifoya. Ertalab yaxshi gaplashib turgan bemorni tushdan keyin sun'iy nafas berish apparatiga ulashga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin», dedi Oqilov.

 

Mavzuga oid