Ushbu kodlarda ko‘rshapalaklarni halokatli viruslardan himoya qiluvchi «istisnoli immunitet tizimlari»ga oid genetik ko‘rsatmalar mavjud.

Tadqiqotchilar ushbu ma'lumotlardan ko‘rshapalaklarning qanday qilib koronavirusga chalinmagan holda uning tashuvchisiga aylanishi mumkinligini aniqlash jarayonida foydalanishga umid qilishmoqda.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu tadqiqot hozirgi va kelajakda yuz beruvchi epidemiyalarda inson salomatligiga yordam beruvchi yechimlarni taklif qilishi mumkin.

Dublin universiteti kolleji professori Emma Tilingning aytishicha, ular dekodlashtirgan «mukammal» genetik ketma-ketliklar ko‘rshapalaklarning «istisnoli immuniteti» mavjudligini ko‘rsatdi.

«G‘ildirakni qaytadan ixtiro qilishimiz shart emas. Endi qo‘limizda tashlashimiz kerak bo‘lgan qadamlarni anglashga yordam beruvchi vositalar bor. Buning uchun dorilarni ishlab chiqishimiz lozim», dedi Tiling.

Professor Tiling – Bat1K loyihasi asoschilaridan biri bo‘lib, ushbu loyihaning maqsadi 1421 turdagi ko‘rshapalakning genetik kodlarini dekodlashdan iboratdir.

Tilingning ta'kidlashicha, tadqiq etilayotgan genlar insonlarning qarish jarayonining oldini olish va kasalliklarni kamaytirish uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan genetik yechimlarni aniqlashda qo‘l keladi.

Yangi turdagi koronavirus – Covid-19 ko‘rshapalaklardan chiqqani va hanuz aniqlay olinmagan qandaydir boshqa bir hayvon orqali insonga yuqqani taxmin qilinadi. Sars, Mers va Ebola kabi bir qator boshqa kasalliklar ham odamlarga shu yo‘l bilan yuqqandi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish mutaxassislarining ta'kidlashicha, ko‘rshapaklarni aybdor qilish kerak emas va ular tabiiy holatda inson salomatligiga juda kam xavf tug‘diradi.

Ko‘rshapalaklar tabiat muvozanatida ham juda muhim o‘rin tutadi. Ko‘pchiligi meva urug‘larini tarqatadi, ba'zi turlari esa bir kechada millionlab tonna hasharotlarni yeydi.

Tadqiqotlar nimani ochib berdi?

Xalqaro tadqiqot guruhi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda ko‘rshapalaklarning genetik tuzilishiga oid shifrni yechdi.

Mutaxassislar ko‘rshapalaklarning genetik xaritalarini ularning hayot shajaralaridagi 42 turdagi boshqa sutemizuvchilar bilan solishtirishdi.