Joriy yil 22 may kuni Xitoy hukumati yaqin o‘tgan davr ichida ilk marta iqtisodiy marralarni ko‘zlab reja tuzmasligini e'lon qildi. Hukumatning bu qarorga kelishi COVID-19 pandemiyasi to‘zonida paydo bo‘layotgan mavhumlik bilan ifodalanishi mumkin. Ammo Pekin Universiteti hamda Karnegi-Shinghua Global siyosat markazi vakili Maykl Pettis bunda fikrda emas.

Mayklning qayd etishicha, XXR kommunistlarining ushbu qarorga kelishini teran anglash uchun yalpi ichki mahsulot tushunchasi Xitoyda qanday ma'noga ega ekanligi va u boshqa davlatlardan qanday farqlanishiga razm solish lozim. Quyida Maykl Pettis mulohazalari o‘zbek tilida taqdim etiladi. 
Xitoyda YaIMning o‘ziga xos tomonlari

Ta'kidlash joizki, YaIM real iqtisodiy qiymatni ifoda etadigan ko‘rsatkichlardan biri. Shunga qaramay, barcha qiymat keltiradigan harakatlar YaIM hisoblash jarayonida inobatga olinmaydi, shuning uchun YaIMda barcha iqtisodiy kartina to‘liq ko‘rinmaydi. Bu dunyo davlatlarining barchasi uchun umumiy muammo sanalsa-da, Xitoyning samarasiz investitsion dasturlari masalaning tuynugini ochib qo‘yadi.

Foto: EMMANUEL WONG/GETTY IMAGES

Bundan tashqari, XXR milliy iqtisodiyoti bo‘yicha tarqatayotgan ma'lumotlarning shaffof va aniq hisoblanganiga shubha bor. Balki raqamlarning paydo bo‘lishida biroz volatillik yuzaga kelar, baribir Xitoy YaIM hisoblash metodologiyasiga to‘liq amal qiladi, deb bo‘lmaydi.

Qolaversa, YaIM chiqim indikatori emas, balki kirimga oid sonlarni ochiqlaydi. Ko‘pgina davlatlardan farqli o‘laroq, Xitoyning YaIM ko‘rsatkichi uning iqtisodiy o‘sish sur'ati bo‘yicha maqsadlari bilan belgilanadi. Ya'ni hukumat tashkilotlari, xususan mahalliy hokimiyatlar ham ishlab chiqarishni belgilangan maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'minlashga intiladi. Bu Xitoyning o‘sish rejasiga doimo erishib kelishini osonroq tushunishga yordam beruvchi omil hisoblanadi. Shuningdek, YaIM Xitoy iqtisodiyotining haqiqiy o‘lchovini emas, hukumatning istak-maqsadini ifodalaydigan ko‘rsatkichga aylanganini bildiradi.

YaIMni Xitoydek boshqarish

Nazariy jihatdan har qanday mamlakat YaIMni Xitoy singari boshqarishga qodir. Buning uchun uchta shartni bajo keltirish kerak.

Birinchidan, u yuqori qarz qobiliyatiga va undan foydalanishga tayyor bo‘lishi kerak. Xitoyda yalpi ichki mahsulotning o‘sishini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy faoliyat qarz mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi. Agar o‘z qarzlarini to‘lash qobiliyatini keltirib chiqaradigan samarali investitsiyalarni moliyalashtirsa, yuqori qarz deyarli muammoli emas (Xitoy uchun ham xos emas). Ammo, Xitoyda bo‘lgani kabi, samarasiz faoliyatni moliyalashtirish uchun qarzdan foydalanilganda (masalan, band bo‘lmagan ko‘chmas mulkni rivojlantirish) qarz olish maqsadi faqat qarzdorlikni oshiradi.