«Bugungi kunda darsliklarni yaratishda ta'lim muassasalari o‘quvchilari, o‘qituvchilari va ota-onalari hamda keng jamoatchilikning fikri muhim hisoblanadi. Shu maqsadda reja asosida nashrga tayyorlanayotgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning mazmuni, dizayni va sifatini yanada yaxshilash hamda takomillashtirish yuzasidan Respublika ta'lim markazida «Darsliklarga taklif – 2020» boti va «Darslikka kelgan takliflar» telegram guruhi tashkil etildi. Shu telegramm kanallari orqali kelib tushayotgan takliflar darslik mualliflariga yetkazilmoqda, maqbullari darsliklar mazmuniga singdirib borilmoqda.
Hozirga qadar Respublika ta'lim markaziga foydalanuvchilarimiz tomonidan 8000 dan ortiq takliflar kelib tushdi. Darsliklar yuzasidan kelib tushayotgan o‘rinli taklif va mulohazalar Markazning fan metodistlari tomonidan o‘rganib chiqilib, darsliklarni davriylik asosida nashrga tayyorlash jarayonida inobatga olinmoqda. Darsliklar yuzasidan kelib tushgan takliflarga mutaxassis hamda metodistlar tomonidan tayyorlangan javoblar foydalanuvchilarga yuborilmoqda.
Shuningdek, «Darsliklar muhokamasi» telegramm kanaliga joriy yilda yangi va qayta nashr etiladigan darsliklarning PDF nusxalari bosqichma-bosqich qo‘yib borilmoqda. Bugunga qadar bu kanalimizga 225 dan ortiq takliflar kelib tushdi. Takliflarning asosiy qismi darslik mazmuni, bir qismi darslik dizayni hamda darslikdagi imlo xatolar to‘g‘risida bo‘lib, ushbu takliflar darsliklarni nashrga tayyorlash jarayonida inobatga olinmoqda.
Pirovardida, darsliklar yuzasidan kelib tushayotgan o‘rinli taklif va mulohazalar shubxasiz darsliklarni mazmunan takomillashtirishga yangi turtki beradi. Bu esa, sifat jihatdan yangilangan darsliklarni yaratishda, Respublika ta'lim markazi bilan keng jamoatchilik o‘rtasidagi samarali aloqani ta'minlashga xizmat qiladi», deya Shuhrat Sattorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Uning qo‘shimcha qilishicha, darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni nashrga tayyorlashda asosiy e'tibor mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob berishiga qaratilmoqda. Buning uchun amaliyotchi o‘qituvchilar hamda fan metodistlari hamda salohiyatli olimlar tomonidan darsliklar bir necha bor ekspertizadan o‘tkazilgan. Ekspertiza xulosalari asosida esa darsliklar mualliflari, nashriyot xodimlari hamda fan metodistlari hamkorligida darsliklar qayta ishlanib, mazmuni va illyustratsiyalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.
«Bugungi kunda qayta nashrga tavsiya etilgan illyustratsiyasi eskirib ketgan, yorqin ranglarda bo‘lmagan, chizilgan rasmlar o‘zining jozibadorligini yo‘qotgan darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu yilgi chop etiladigan darsliklar qayta nashrdagi darsliklar bo‘lganligi sababli asosiy urg‘u darsliklarning mazmuni va dizayniga qaratildi.









