Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Nargiza Xalilova stressdan himoyalanishda asqatadigan tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

Stress – tananing yoqimsiz va salbiy hodisalarga qarshi reaksiyasi. Hozirgi karantin davrida kelajakning noaniqligi, virus yuqtirib olish vahimasi, moliyaviy qiyinchiliklar, odatdagi turmush tarzining keskin o‘zgarishi, hordiq chiqarish imkoniyatining qisqarishi, doimiy ravishda uy ichida bo‘lish majburiyati, yaqinlar bilan jonli muloqotning cheklanishi kabilar davomiy stressga sabab bo‘ladi. Bunday sharoitda nima qilish kerak?

Harakatlaringizga bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan stress sabablarini aniqlashtiring

Vaziyatni hech qachon to‘liq nazorat qila olmaysiz. Shuning uchun ham imkoniyatingiz doirasida harakatlaning. Siz koronavirusni jilovlay olmasligingiz mumkin, lekin kerakli himoya choralarini ko‘rishga qurbingiz yetadi.

Birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilish kerak – qo‘lingizni tez-tez yuving, antiseptiklardan foydalaning va odamlar bilan aloqa qilmaslikka harakat qiling. Kasallanishning birinchi belgisida nima qilish kerakligi haqida ma'lumotni ko‘rib chiqing. Qo‘lingizdan kelganini qilayotganingizni bilish va anglab yetish sizga xotirjamlik hissini beradi.

Bugungi kun bilan yashang

Kelajak haqida mulohaza yuritmaslikka, boshqalarning kelajakda nima bo‘lishiga oid taxminlariga ishonmaslikka, pul tugab qoldi, deb o‘ylamaslikka harakat qiling. Bularning barchasi nevrozlarga va doimiy stressga olib keladi.

Bezovtalikni his qilsangiz, ushbu mashqni bajaring: atrofingizdagi ranglarga, hidlarga, ta'mlarga e'tibor bering, har bir harakat tafsilotlarini ko‘rib chiqing. Psixologlarning ta'kidlashicha, bu his-tuyg‘ularni boshqarishga yordam beradi.

Kuningizni rejalashtiring

Kundalik tartib karantindan avvalgi davrdagidek bo‘lishi maqsadga muvofiq. Masofaviy ishlayotgan bo‘lsangiz, avvalgidek bir xil vaqtda turing. Sportzalga qatnab yurgan bo‘lsangiz, uyda shu jismoniy mashqlarni bajarish uchun sharoit yarating. Uy tashqarisidagi odatiy o‘yin-kulgilarni sevimli mashg‘ulotingiz bilan almashtiring.

Ma'lumotlarni saralab chiqing

Pandemiya va boshqa mavzulardagi yangiliklarni olish uchun faqat ishonchli manbalardan foydalaning. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yozadigan hamma narsaga ishonmang. Yangiliklarni kunda bir mahal tekshiring. Har daqiqada kelgan xabarni qarab chiqish ruhan toliqtiradi.