O‘zbekiston | 17:33 / 26.07.2020
2942
2 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha 5,5 mingdan ortiq ayolga nogironlik moslamalari olib beriladi – vazirlik

Foto: Depositphotos

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva joriy yilda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha belgilangan rejalar haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yilda respublikada 5579 nafar nogironligi bor xotin-qizlarni qiymati 3 mlrd 600 mln so‘mlik 2250ta nogironlik aravachasi, 2 mlrd 171 mln 200 ming so‘mlik 1357ta eshitish moslamasi, 2 mlrd 70 mln 600 ming so‘mlik 1972ta reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan.

Mazkur maqsadlar uchun Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan umumiy hisobda 7 mlrd 841 mln 800 ming so‘m ajratish rejalashtirilmoqda», – dedi u AOKAda 26 iyul kuni o‘tkazilgan brifingda.

Vazirlik rasmiysi ehtiyojmand xotin-qizlarni arzon turar joy bilan ta'minlash borasidagi ishlarga ham to‘xtaldi.

«Joriy yil tuman (shahar)lardagi maxsus komissiya tanlovidan o‘tgan 1586 nafar xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirildi. Ularga ajratilgan arzon uy-joylarning 10 foiz miqdoridagi boshlang‘ich badalini to‘lab berish uchun Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 34 mlrd 225 mln ajratilgan.

Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 96 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning arzon uy-joylar olishi uchun 1,5 mlrd so‘m miqdorida boshlang‘ich badallar to‘lab berildi. Shuningdek, qolgan hududlar bo‘yicha belgilangan ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda», – deya Boymirzayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid