Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov onlayn brifing orqali aholiga, xususan, shifokorlarga murojaat qildi.

Dastlab Turdimov viloyatda 31 iyul, 1-2 avgust hamda 8-9 avgust kunlari kecha-kunduz avtotransport vositalarining harakati to‘liq to‘xtatilishini ma'lum qildi. Shundan so‘ng, shifokorlar faoliyatiga to‘xtaldi.

«Koronavirus vaqt o‘tishi bilan o‘ziga boshqa turli kasalliklarni ham yo‘ldosh qilib olayotgani shifokorlarning ishini yuz karra, ming karra qiyin qilmoqda. Koronavirusga qarshi kurashda bir guruh shifokorlarning davlatimiz rahbari tomonidan taqdirlanganidan xabaringiz bor. Bizning viloyatdan 13 nafar shifokor mana shunday sharafga loyiq ko‘rildi. Ular hozir ham koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda bor imkonini ishga solib mehnat qilmoqda. Lo‘nda qilib aytsak, fidoyilik ko‘rsatishmoqda.

Masalan, yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining shifokori Abdusodiq Boymirzayev uch oydan beri uyiga bormasdan bemorlarga shifo ulashmoqda. Bu fidoyilikning eng yorqin namunasi deb bilaman. Barcha shifokorlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Xalqimiz sizlardan minnatdor», dedi Samarqand viloyati hokimi.

Turdimov shifokorlardan ularga nisbatan bo‘layotgan tanqidlardan xafa bo‘lmaslikni so‘radi: «Tushunib-tushunmay sizlarga tosh otayotganlar ham bor, bu o‘tkinchi, bundan xafa bo‘lmang, siz bugun xalqimizning dardiga malham bo‘layapsiz. Biz sizdan minnatdormiz, ko‘plab sharoitlarni yaratib berolmay qolgan vaqtimizda ham o‘zingiz ozgina imkoniyatdan unumli foydalanganingizni ko‘rib turibmiz. Siz bugun frontning oldingi qismida turibsiz.

Dunyoning eng rivojlangan davlatlari tibbiyoti ham pandemiya zarbasiga chidolmay, ko‘plab silkinishlarga duchor bo‘ldi, e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Bizning tibbiyotimiz ham bundan xoli emas. Tibbiyotimizda xato kamchiliklar bor, lekin gap tibbiyotimizda emas, shifokorlarimiz to‘g‘risida ketganda ular haqiqiy mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatmoqda» dedi hokim.

Viloyat hokimining ma'lum qilishicha, Samarqand davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan koll-markazga 15 apreldan beri 5 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. 20 iyuldan boshlab markaz 1105 qisqa raqami bilan o‘z faoliyatini qayta boshladi. Operatorlar soni 7 nafardan 20 nafarga ko‘paytirildi. Markazga avval 25-50tagacha murojaat bo‘lgan bo‘lsa, endi bir kunda 500dan ziyod murojaatlar tushmoqda. Ushbu murojaatchilarning 60 foizi tez tibbiy yordamga muhtojligi sababli 103 – tez tibbiy yordamga yo‘naltirilmoqda. Markaz va 103 xizmati o‘rtasida aloqa o‘rnatildi.

Aytilishcha, viloyatda tez tibbiy yordamga talab keskin oshgan. O‘tgan yili shu vaqtda kuniga 900-1100ta qo‘ng‘iroq bo‘lgan bo‘lsa, bugun qo‘ng‘iroqlar soni 3200tadan oshmoqda. Misol uchun kecha (26 iyul) 3248ta murojaat bo‘lgan, shundan 780tasi Samarqand shahri aholisidan. Shu sababdan tez tibbiy yordam moddiy texnik bazasini qaytadan ko‘rib chiqilib tez yordam mashinalari soni 280tadan 363taga yetkazilgan.