Bu borada o‘tkazilgan matbuot anjumanida Peskov qo‘lga olinganlar Rossiya fuqarolari bo‘lganini tasdiqladi: «Bilasizmi, biz bu borada to‘liq ma'lumotga ega emasmiz. Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, Rossiyaning 33 fuqarosi Belarusda qo‘lga olingan va yana 200 kishi qidiruvda. Rossiyaliklar qo‘lga olishga sabab bo‘ladigan qandaydir harakat qilgani haqida ma'lumotga ega emasmiz.

Biz ham Belarus rasmiylarining bu rossiyaliklar mamlakatda prezidentlik saylovlari oldidan vaziyatni izdan chiqarishda aloqadorligi haqida gaplarini eshitdik. Bu borada qo‘shimcha ma'lumotga ega emasmiz. Bugun bizning elchi TIV va Belarusdagi hamkasbi bilan bu borada gaplashadi. Rossiya fuqarolarining huquqlari qonun doirasida himoya qilinishiga umid bildiramiz.

Bu qandaydir tashkilot vakillari va ular Rossiya tomonidan yuborilgani haqida gapirilmoqda. Lekin bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas. Rossiya va Belarus ittifoqchi davlatlar, yaqin ittifoqchilar».

Peskov Rossiya va Belarus prezidentlari o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tishi mumkin yoki yo‘qligi haqida savolga javob berdi: «Hozircha rejada bunday gap yo‘q. Minsk va Moskva o‘rtasida juda ko‘p aloqa kanallari bor, xususan huquq-tartibot organlari o‘rtasida ham. Mana shu kanallar vaziyatni o‘zaro muhokama qilishlari yetarli bo‘ladi».

«Kommersant' FM» radiosi muxbiri Peskovga bu ishlarning saylovga qanchalik aloqasi borligi haqida savol berdi. Kreml matbuot kotibi esa ekspertlar vaziyatdan xabardor emasligini aytdi: «Bir narsani tushunishingiz kerak, ekspertlar vaziyat haqida hech narsa bilmaydi-ku. Hali biz to‘liq ma'lumotga ega emasmiz, ekspertlarning umuman hech nimadan xabari bo‘lmasa kerak. Shu bois bu masalada ehtiyot bo‘lib gapirish kerak».

Peskovdan qo‘lga olinganlar Donbassdagi janglarda qatnashgani va ularning yarmi «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi vakillari ekani haqida so‘rashdi: «Belarus OAVida qo‘lga olinganlarning yarmi «Vagner»ning yollanma jangchilari ekani haqida yozildi. Aytingchi, Rossiyada «Vagner»ni Donbassdagi harakatlari uchun ta'qib qilishmaydi?».

Peskov bu savolga kutilmagan tarzda javob qaytardi: «Tushunarli. Aytingchi, «Vagner» nima o‘zi? Rossiyada yuridik jihatdan, de-yure XHK «Vagner» degan tushuncha yo‘q. Xususiy harbiy kompaniya nima u o‘zi? Masalan, xususiy qo‘riqlash korxonasi bor. Ammo Rossiya qonunchiligida xususiy harbiy kompaniya degan tushuncha yo‘q».