Jahon | 07:07 / 01.08.2020
17362
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar COVID-19ning yengil shakli ham yurakka salbiy ta'sir ko‘rsatishini aniqlashdi

Germaniya va italiyalik olimlar guruhi o‘tkazgan tadqiqotda koronavirusdan sog‘aygan yuz nafar kishi o‘rganildi. MRT yordamida ularning 78 foizida yurak faoliyatida salbiy o‘zgarishlar aniqlandi. Tadqiqotda qatnashganlarning 60 foizida miokardial shamollash alomatlari kuzatilgan.

Shifokorlar COVID-19ning yurak-qon tomir tizimiga ta'sir ko‘rsatishi bo‘yicha ikkita tadqiqot o‘tkazdi, deb yozadi New Atlas.

Germaniya va italiyalik olimlar guruhi o‘tkazgan birinchi tadqiqotda koronavirusdan sog‘aygan yuz nafar kishi o‘rganildi. MRT yordamida ularning 78 foizida yurak faoliyatida salbiy o‘zgarishlar aniqlandi. Tadqiqot qatnashchilarining 60 foizida miokardial shamollash alomatlari kuzatilgan. Koronavirus yuqtirguniga qadar ularda bu nuqsonlar bo‘lmagan. 

Ikkinchi tadqiqotda esa germaniyalik olimlar 39 nafar COVID-19 bemorining autopiya ma'lumotlarini o‘rgandi. Bemorlar o‘rtacha 85 yoshda bo‘lib, aksariyatining o‘limi sababi zotiljam bo‘lgan. Ularning 60 foizdan ortig‘ining yuragida SARS-CoV-2 virusi izlari aniqlangan. 

«Virus yurak mushaklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilish va nafaqat o‘pka, balki yurakka ham zarar yetkazishi borasida dalillarga ega bo‘ldik», — dedi yuqumli kasalliklar bo‘yicha ekspert Jon Shvarsberg. 

Olimlar hozircha virusning yurak to‘qimalarida mavjudligi COVID-19 yurak-qon tomir tizimiga uzoq muddatli salbiy ta'sir ko‘rsatishini to‘liq isbotlay olishmadi. Ammo har ikki tadqiqot orqali koronavirus yurak faoliyatiga ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatishi aniqlandi. 

Mavzuga oid