Abdurayim Abduvahobov – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Do‘stlik» ordeni sohibi, kino va teatr aktyori. U faoliyati davomida «Shum bola» filmidagi Qoravoy, «Suyunchi»dagi Abdulla, «Chimildiq» spektaklidagi kuyov obrazlari hamda boshqa bir qator rollari bilan o‘zbek kino va teatr san'atida o‘chmas iz qoldirdi.

Rahmatli aktyorni farzandlari, hamkasblari iliq xotiralar bilan eslashadi.

Rixsi Ibrohimova, O‘zbekiston xalq artisti:

– Abdurayim hali san'atning alifbosini ham bilmaydigan paytida – 12-13 yoshligidayoq «Shum bola»dagi roli bilan o‘ziga haykal qo‘ygan. Film rejissyori Damir Salimov uni «topilma, hayotimni bezab turgan bola» deb ko‘p gapirardi. Menga «Rixsi opa, filmda ona ishtirok etadigan sahnalarni ko‘paytirmoqchiman. Shum bola tush ko‘rganda, xayol surganda onasining hozirgi yaxshi kunlarda yashashini o‘ylaydi», deb aytardi. G‘afur G‘ulom o‘z zamonasining ijtimoiy hayotini shunaqa tasvirlaganki, ortiqcha narsalarni qo‘shish mumkin emas edi. Ammo hozir shum bolaning Toshkent sitida qad rostlagan haykali ortida eski shahar manzaralari, o‘zi esa yangi shaharga xayrat bilan tikilib turibdi.

Rixsi Ibrohimova, O‘zbekiston xalq artisti

Badiiy kengashlarda biron muhokama bo‘lsa, hammaning gapi bir tomon bo‘lardi-yu, Abdurayim o‘ylab turib, bir-ikki og‘iz gap bilan to‘g‘ri yo‘lni topa olardi.

Milliy akademik drama teatrining salmog‘ini, nufuzini yelkasida mardona ko‘tarib yurganlardan biri Abdurayim edi. Teatrda kichik yo katta rol o‘ynashidan qat'i nazar, san'atini yerga urishni istamasdi. «Shum bola»da erishgan shon-shuhratiga xiyonat qilmaslik uchun astoydil xizmat qildi.

Turg‘un Azizov, O‘zbekiston xalq artisti:

– San'at instituti rektori meni yoshlarga dars berish uchun taklif qildilar. Imtihonga kelganlarni saralab tursak, to‘ladan kelgan, kelishgan yigit ko‘zimga issiq ko‘rindi. Qarasam, o‘zimizning shum bola. Bizni nima bilan xursand qilasiz, imtihonga nima tayyorlab keldingiz – she'rmi, monologmi, etyudmi desam, jim, umuman indamaydi. Hazillashib: «Shum bolani ijro etganman, teatr institutiga borsam, domlalar yelkasiga mindirib olib kiradi», deb o‘yladingizmi, tayyorlanmabsiz-ku», desam, yana jim.