Britaniyada tahlillarda virus DNKsi mavjudligini aniqlaydigan ikki yangi uskunadan foydalanish boshlanadi. Ularning ikkisi ham tahlil namunalarini bir yarim soat ichida tekshirish imkoniga ega. Bugungi kunda Britaniya kasalxonalarida namunalarning uchdan bir qismi 24 soatdan ko‘proq vaqt davomida tekshiriladi.

Birinchi test virus DNKsini topishda namunalarni tahlil qiladi va Nudgebox deb nomlanadi. Bunday qurilmalarning 5 mingtasi sentabr oyida Britaniya kasalxonalariga o‘rnatiladi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, ular laboratoriya sharoitlarisiz ham kuniga 15tagacha test o‘tkazadi. Bu orqali ikki oy ichida, ya'ni qish kelgunga qadar, 5,8 million kishi koronavirus testidan o‘tkazilishi mumkin. 

Ammo bu sentabr oyida bo‘ladi. Keyingi haftada esa Oksfordshirdagi Oxford Nanopore kompaniyasi tomonidan LamPORE nomida ishlab chiqarilgan yangi qurilmaning yarim millionga yaqini London kasalxonalarida paydo bo‘ladi. Ushbu qurilmalar Londonning bir necha kasalxonalarida allaqachon foydalanishda, ammo hozircha keng qo‘llanilmayapti.

LamPORE qurilmalari ikki xil talqinda ishlab chiqariladi - mobil MiION tabiiy sharoitlarda, masalan, koronavirus o‘chog‘i yaqinida yaratilgan laboratoriyalarda ishlatilishi mumkin, u kuniga ikki mingtagacha namunani tahlil qiladi. Statsionar GridION yanada kuchliroq bo‘lib, kuniga 15 mingtagacha namunalarni tahlil qiladi, ammo to‘laqonli laboratoriya tashqarisida foydalanish mumkin emas. 

Shu bilan birga, qurilmalar odatiy grippni ham aniqlab, uni koronavirusdan ajrata olishi mumkin.

Britaniyada iqtisodiyotni tiklash uchun aholidan restoranlar va pablarga tez-tez borib turish so‘ralmoqda / PA MEDIA

Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok Covid-19 sinovlari uchun yangi qurilmalar paydo bo‘lishi sog‘liqni saqlash tizimi uchun «oldinga katta qadam» bo‘lishiga ishonch bildirmoqda. Rejaga ko‘ra, oktabr oyiga qadar har kuni yarim million test chiqarilishi hukumat ishini osonlashtiradi.

Vazir yangi qurilmalarning «virus qayerda yashiringanini bilish uchun simptomlari bo‘lmagan odamlar testdan o‘tishi kerak» bo‘lgan maktab va tumanlarda ham qo‘llanishini aytdi. «Ushbu qurilmalarning Covid-19'dan tashqari oddiy gripp virusini ham aniqlashi qishda juda foydali bo‘ladi - bemorlarga o‘zlari va yaqinlarini himoya qilish bo‘yicha to‘g‘ri maslahatlar beriladi», deydi Henkok.