Bu holatda salgina oldinroq o‘zining og‘ir sharoitini esdan chiqarmagan mutasaddilarning yetti pushtini duo qilib turgan xonadon ahli qay holatga tushadi? Mana shunday holat Denov tumanining «Zarafshon» mahallasida ro‘y berdi. Bir qarashda juda ko‘ngilsiz va xijolatli ko‘rinadigan vaziyatga mas'ullar tuzgan ro‘yxatlardagi chalkashliklar va tushunmovchiliklar sabab bo‘lgani oydinlashdi.

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali Qurbon hayiti arafasida yurtimizdagi ehtiyojmand oilalarga sektor rahbarlari rahbarligida bir martalik yordam puli tarqatildi. Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi «Zarafshon» mahallasida ayrim kam ta'minlangan oilalarga mahalla tomonidan 500 ming so‘mdan yordam puli tarqatilgan. Biroq u ko‘p o‘tmasdan yig‘ib olingan.

Voqeaga aniqlik kiritish maqsadida mahallaga borganimizda biz bilan suhbatlashgan fuqarolar bu haqda hikoya qilib berishdi.

Jumladan, shu mahallada yashovchi Feruza Mo‘minova quyidagicha so‘zlab berdi:

«Mahalla tomonidan haqiqatan ham pul tarqatildi. Qancha ekaniga e'tibor ham bermasdan qo‘l qo‘yib berdik. Uyga kirib qarasam, 500 ming so‘m ekan. Oradan ikki soat o‘tib mahalladan ikki kishi uchastka profilaktika inspektori bilan keldi. «Pulni qaytarib beringlar, davlatni haqiga xiyonat qilmanglar», deyishdi. Ishlatib qo‘yganimni aytganimda «qayerdan bo‘lsa ham topinglar», deyishdi. Rostan ham hozirgi paytda pulga muhtoj edik...»

Yana bir fuqaro O‘lmas aya Boltayeva ham mahalladan ikki kishi kelib, daftarga qo‘l qo‘ydirib, 500 ming so‘m pul berishgani, suratlarga tushirib olishgani, ammo oradan bir necha soat o‘tib qaytarib olishganini aytdi.

«Mahalla vakillari pulni qaytarib olishga kelishganida iltimos qildim, qiynalayotganimni aytdim, «yo‘q, bu pullar boshqaga berilishi kerak ekan, biz ham gap etishdik», deya qaytarib olishdi», deydi O‘lmas aya.

Albatta, ehtiyojmand oilalarga davlat nomidan pul tarqatilib, uning qayta yig‘ib olishini kishida taajjub uyg‘otadi. Shu sababli biz mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mas'ullarni savolga tutdik.