«Men 33 yil avval «Doctor D» klinikasini tashkil etgan va shu yerda shuncha yildan buyon rahbarlik qilayotgan fuqaroman, ya'ni xususiy klinika asoschisi va rahbariman.

Kuni kecha hamma xususiy klinikalar rahbarlarini yig‘ib «Qaysi xususiy klinika Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shartnoma tuzmasdan Covid-19 bemorlarni davolagan bo‘lsa va u jarayonda standartlarga rioya qilmagan bo‘lsa», litsenziyalarini sud orqali to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Klinikamiz sharoiti to‘g‘ri kelmagani uchun biz Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolamadik, lekin zudlik bilan hamma xonalarga kislorodli konsentrator o‘tkazdik va sun'iy nafas olish apparatlarini shaylab qo‘ydik. Bemorlarni davolashga joy yetmay, xodimlarimiz kasal bo‘lib tang holatda qolinsa, o‘zimizning ishchilarga, yaqinlarimizga yordam berishimiz zarur degan maqsadda tayyorgarlik ko‘rib qo‘ydik.

Oradan ikki oylar o‘tgach, shunaqa vaziyat boshlandi. Kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi, «Tez yordam» kelmayapti, og‘ir bemorlarni hech qayerga qabul qilishmayapti, yordam bering» degan gaplar bo‘ldi. Bunday holda nafaqat biz, balki ko‘plab boshqa klinikalar ham bemorlarni qabul qila boshladi. Doktorlar ham odam, lekin ular o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib qarashdi. Ularda tajriba yo‘q. Qo‘lida qo‘llanmasi yo‘q, ingliz tilini bilmaydi, lekin yordam berishga harakat qilishdi, shu orada oramizdan bir necha doktorlar vafot etdi. Nega o‘sha paytda bularga standartlar yetkazilib berilmadi? Nega sharoit og‘irlashganda klinikalar faoliyati muvofiqlashtirilmadi? Hamma bemorlar uylarida og‘ir ahvolda qolganda TV orqali ham bemorlarni koordinatsiya qilsa bo‘lar edi-ku?

Virus yuqtirganlar tanish doktor yoki tanish hamshirasini uyiga chaqirib har xil kerak-kerakmas dorilar bilan davolanishga majbur bo‘ldi. Chunki «Tez yordam» kelmadi, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermadi. O‘lim to‘shagida yotgan bemorlarni ko‘tarib xususiy klinikalarga olib kelishdi. Hech kim yordam qilmagani uchun klinikalar bemorlarga qarashga, yotqizishga majbur bo‘ldi. Bizning klinikaga ham «otam o‘lyapti, onam o‘lyapti, yordam bering, doktor» deb yalinib-yolvorib o‘nlab bemorlarni olib kelishdi. Biz «sharoitimiz yo‘q, klinikada homilador ayollar bor» deb ularni qabul qilmadik, xalqdan malomatlarga qoldik.

Diagnostika uchun alohida ko‘chadan kiradigan qilib maxsus xonalar tashkil qilindi, 24 soatda kasallikni aniqlashga harakat qildik, «Tez yordam» mashinasi orqali faqat bemorlarga yordam bera oldik, xolos. Mamlakatda bunday holat yuz berganda hamma qo‘lidan kelgan yordamni berishi kerak emasmi? Vrachlarimiz onlayn konsultatsiya berib, bemorlarni uydan kuzatib turdi. Nafas yetishmovchiligi ikkinchi darajaga yetgan bemorlarni ham yotqiza olmadik. Kislorod beradigan mobil qurilmalarni tekin yetkazib, vaqtincha qo‘llash uchun bemorlarga berib turdik. Shu vaqtlarda mutaxassislar tomonidan ham ko‘p noto‘g‘ri maslahatlar (masalan, «Plakvenil» qabuli bo‘yicha) berildi.