10 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligini mustahkamlash va xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta'minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

«Chiqindi tizimini tartibga solish – hayotimiz, sog‘lig‘imiz uchun eng muhim vazifalardan biri. Bu inson salomatligi va xavfsizligi, millat kelajagi bilan bog‘liq dolzarb masala», – deya Shavkat Mirziyoyevdan iqtibos keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda chiqindilarni boshqarish sohasiga budjetdan ajratilgan 390 milliard so‘m hisobiga 742 ta maxsus texnika sotib olingan, 204 ta poligon modernizatsiya qilingan.

«Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada muammolar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, Izboskan, G‘uzor, Chust, Buvayda, Urgut va Shahrixon tumanlarida tozalash xizmati qamrovi respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past. Toshkent viloyatida budjet hisobidan olingan 32 ta, Qashqadaryoda 23 ta maxsus texnika talon-toroj qilingan. «Toza hudud» korxonalarining debitor qarzdorligi yuqori.

Joriy yil mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda sohadagi ishlar tanqid qilinib, tegishli topshiriqlar berilgan edi. Bugun ularning ijrosi ko‘rib chiqildi, qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Hozirda sanitar tozalash xizmatlari bilan aholini qamrab olish darajasi 66 foizni tashkil etadi. Yig‘ilishda yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 90 foizga yetkazish, sohaga xususiy korxonalarni keng jalb etish zarurligi ta'kidlandi.

Chiqindilarni qayta ishlashni tartibga solish bo‘yicha 14 ta hududdagi tumanlar kesimida alohida qarorlar qabul qilinishi hamda ularning ijrosi yuzasidan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Nodavlat sektor chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashda yaxshi samara bermoqda. Qayerda shunday korxonalar ishlayotgan bo‘lsa, xizmat sifati ham yuqori, aholi ham rozi. Misol uchun, «Bio Texno Eko» kompaniyasi 6 million dollardan ziyod kredit hisobiga 78 ta maxsus texnika va uskunalar xarid qilib, Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridagi 285 ming aholiga tozalash xizmati ko‘rsatmoqda.

Joylarda shunday loyiha qilaman, degan tadbirkorlar ko‘p. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda davlat-xususiy sheriklik asosida jami 31 ta klaster tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.