Setenning «qalami kelganidayoq singandi»

Bilasizmi, Kike Setenning «Barselona»da ishlari yurishmasligi u ish boshlashidan oldin ham deyarli aniq edi. Ernesto Valverde katta o‘yinlarda g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa-da, jamoa boshqaruvini qo‘ldan chiqarmagan sinor edi. Uning ketishi futbolchilarni norozi qildi. Eng asosiysi, Messi bunga rozi bo‘lmadi. Valverde ketgach, Messi uning iste'fosidan afsuslanib post yozdi. Katta ehtimol o‘shandayoq Setenning «qalami singandi».

Albatta, u yomon murabbiy emas, o‘rtamiyona «Betis» bilan bir mavsumning o‘zida ham «Real»ni, ham «Barselona»ni yenggandi. «Nou Kamp»da «uyalmay» «Barselona»ni 4:3 hisobida mag‘lub etgan «Betis»ning murabbiyi aynan Seten edi. Biroq o‘rtamiyona jamoaning murabbiyi bo‘lish bilan «Barselona» murabbiyi bo‘lishning farqi katta. Seten «Betis» uchun qanchalik yaxshi murabbiy va yetakchi bo‘lsa, «Barselona» uchun shunchalik ko‘rimsiz va soyadagi insonga aylandi-qoldi.

Seten hozir «Barselona»dan ketib, istalgan jamoada yaxshi ishlab ketishi mumkin. Misol sifatida «Real»dan ketgan Xulen Lopetegini keltirish mumkin. Ramos yoki boshqa «Madrid egalari» bilan chiqisha olmagan Lopetegi bejiz avvaliga Ispaniya milliy jamoasiga, keyinchalik «Real»ga bosh murabbiy bo‘lmaganini isbotladi va «Sevilya» bilan Yevropa Ligasi finaliga chiqdi. Seten ham, aytaylik, «Valensiya»ga borib, jamoani o‘ziga keltirishi mumkin. Ammo «Barselona» va «Real»da ishlash uchun faqat yaxshi murabbiy bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Bu lavozimda xarizma birlamchi omilga aylanadi. Aynan shu narsa «Barsa»ning yangi murabbiyida bor.

Kuman: jangchi va afsona

Foto: VI Images via Getty Images

Shaxsan mening fikrimcha, Kuman «Barselona»ga kelishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi variant emasdi. Chunki Maurisio Pochettino hamda Massimiliano Allegri kabi juda kuchli murabbiylar turganda Kuman varianti har qanaqasiga kamida uchinchi bo‘lib qolaveradi. Chunki Kuman futbolchi sifatida ko‘p narsaga erishgan bo‘lsa-da, murabbiylikda u qadar ko‘p narsaga erishmagan. Allegri va Pochettino esa nafaqat top-klublarni boshqara olishini, balki uzoq muddatga jamoa tuza olishini ham isbotlashgan.

Kuman «Barselona» murabbiyligi uchun nomzodlar ro‘yxatida Pochettino va Allegridan keyingi o‘rinda turgan bo‘lsa-da, shubhasiz, Xavi va Anridan yaxshiroq nomzod edi. Anri «Monako»da qanday sharmandali natija ko‘rsatganini ko‘pchilik unutmagan. Xavi esa ko‘pchilik juda yuqori baho berayotgan bo‘lsa-da, hali faqat Qatar chempionatidagina murabbiy sifatida ishlashga ulgurdi. Shuningdek, u hali «Barselona» murabbiyi bo‘lib ulgurmay klubga shartlar qo‘ya boshladi. To‘g‘risini aytish kerak, hamma ham Zidan va Gvardiola kabi murabbiylikni boshlashi bilan muvaffaqiyat qozonishi kafolatlanmagan.