Faundeyshn. So‘nggi yillarda bu so‘z O‘zbekistonda ham ommalashmoqda va ko‘pchilik, ayniqsa yoshlarimiz faundeyshn nima, oliy ta’limmi, oliy ta’limga tayyorgarlikmi, uning nima afzalliklari bor, uni bitirib, qayerlarda o‘qisa bo‘ladi va shu kabi ko‘plab savollarga javob izlashmoqda.

Shu mavzuda Toshkentdagi Cambridge International College asoschisi Umidjon Ishmuhammedov bilan suhbatlashdik.

– Faundeyshn o‘zi nima?

– Faundeyshn so‘zi haqiqatan O‘zbekistonda ommalashib boryapti. Faundeyshn bu – baza, ya’ni fundament, u universitetning birinchi yiliga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston sharoiti bilan solishtirganda, Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turin politexnika universiteti, Inha universiteti va TeAM universitetlarining birinchi yili faundeyshn deb ataladi.

Faundeyshn o‘zi aslida keyingi yilga tayyorlov hisoblanadi. Ya’ni faundeyshnda o‘rgatiladigan fanlar keyingi o‘quv yilida asosiy fanlar kirishni boshlaganda ular uchun asos bo‘ladi.

CIC (Cambridge International college) nega aynan kollej deb nomlangan va faundeyshn ochilishiga nima sabab bo‘lgan?

– O‘zim ham Amerikada Georgia State University'ning Robinson kollejida o‘qiganman. Bu kollej universitet ichida bo‘lib, O‘zbekistonda fakultetga to‘g‘ri keladi. Ya’ni kollejda Biznes va IT (Information Technology) sohasini o‘qitganimiz sabab kollej deb nomladik, chunki kelajakda universitet ochish niyatimiz bor.

Shuningdek, kollejning ichida xalqaro miqyosdagi A level, IGCSE degan yo‘nalishlar bor. Talabalarimiz bu yo‘nalishlarni o‘qigandan keyin universitetga ko‘chirishlari va frilansing kabi sohalarda ishlashlari mumkin bo‘ladi.

CIC'ni ochish keyingi yilgi rejam edi. Ammo pandemiya sabab bu yil ochishga to‘g‘ri keldi. Mart oylarida xalqaro universitetlarga o‘qish uchun ketayotgan talabalarimiz bor edi. Yo‘llar yopilgani sabab biz «Pearson» ta’lim korxonasi bilan shartnoma tuzdik. Pirsonni tanlashimizga sabab ularning dunyo bo‘ylab 300dan ortiq universitetlar bilan shartnomasi borligi bo‘ldi. Pearson'ni sertifikatiga ega talabalar bakalavr darajasining ikkinchi yilidan xorijda o‘qishlari mumkin. Talabalarimiz Yevropa, Avstraliya, Amerikada o‘qishni xohlashmoqda. Bularni jamlash uchun ham Pirsonni tanladik. Talabalar birdan yutqazmasliklari uchun o‘qishni O‘zbekistonga olib keldik. Bu juda katta ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularning yillik aylanmasi 5 milliarddan oshiq.