Jamshid Abruyev,

Moliya vaziri o‘rinbosari:

– «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan aholining ayrim qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Jumladan:

– nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga.

– boquvchisini yo‘qotgan oilaning 16 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga;

– «Temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga moddiy yordam ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Bu jarayonda jami 810 mingdan ziyod bolaga davlat budjetidan 400 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi.

Hozirgi kunda Pensiya jamg‘armasi orqali nafaqa yoki pensiya olib kelayotgan nogironlarning soni 110 mingga yaqin. Mana shu bolalarga har oyda berilayotgan nafaqa bilan birgalikda sentabr oyida 500 ming so‘m miqdoridagi bir martalik moddiy yordam qo‘shib beriladi.

Qarorda ko‘rsatib o‘tilgan boquvchisini yo‘qotgan oilalarning soni 177 mingga yaqin. Bu otasi yoki onasi erta vafot etgan oilalarning farzandlari. Ular ham ko‘makka muhtoj toifaga kiradi, ularga ham xuddi shunday bir martalik yordam beriladi.

Bu pul nima uchun ajratilyapti? Qarorda ko‘rsatilyaptiki, moddiy yordam ehtiyojmand oilalarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishlariga ko‘maklashish maqsadida ajratilmoqda. Ushbu oilalarning farzandlari maktabga borishlari uchun zarur bo‘ladigan o‘quv qurollari, kiyim-kechaklar olinishini hisob-qilgan holda 500 ming so‘mdan moddiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Dilshod Sultonov,

Moliya vaziri o‘rinbosari:

– 26 avgustda imzolangan prezident qarorida O‘zbekistondagi barcha maktabgacha ta'lim, umumiy o‘rta ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining xodimlari 1 oktyabrga qadar markazlashgan tartibda grippga qarshi emlanishi ko‘zda tutilgan.