Iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ekologiyani yaxshilashda o‘rmon xo‘jaligi juda muhim o‘rin tutadi.
Shuning uchun ham oxirgi uch yilda bu sohani jadal rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilib, mamlakatimiz o‘rmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.
Jumladan, Orol dengizining 1,2 million gektar qurigan tubida ihota daraxtzorlari barpo etildi. Oborotdan chiqib ketgan 10 ming gektar o‘rmon xo‘jaligi yerlari o‘zlashtirildi, 5,5 ming gektarda yong‘oq, 4 ming gektarda oziq-ovqat ekinlari va dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. O‘rmon xo‘jaliklarida birinchi marta 64ta biolaboratoriya tashkil etildi.
Yig‘ilishda bu borada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ta'kidlanib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi. Sohada xususiy sektorni jalb qilgan holda o‘rmon yerlarini o‘zlashtirish, yilqichilik, chorvachilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, turizmni keng yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Yana 50 ming gektar o‘rmonzor barpo etib, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan hamda Toshkent viloyatlarida yong‘oq, pista va bodom plantatsiyalari tashkil qilish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mebelsozlik korxonalari xomashyoning 90 foizini import qilayotganidan kelib chiqib, ularga klaster usulida pavlovniya va boshqa mebelbop daraxtlar yetishtirish uchun yer ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.
O‘rmon fondi yerlarini o‘zlashtirishga ham subsidiya va imtiyozlar joriy etish, xususan, sug‘orish nasoslari xarid qilish, quduqlar qazish ishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta'kidlandi.
Bu yildan boshlab oborotda bo‘lmagan o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibi joriy qilindi. Hozirgi kunda 20 ming gektar shunday yer ijaraga berilgan. Bu ishlarni davom ettirib, qo‘shimcha yerlarni oborotga kiritish hamda tadbirkorlarga ijaraga berishni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Ko‘p joylarda, jumladan, Qorako‘l, G‘ijduvon, Shahrisabz, Kitob, Pop, Chortoq, Nurobod, Qo‘shrabot, Nurota, Baxmal, Forish, Uzun, Boysun, Ohangaron, Bekobod tumanlarida o‘rmon xo‘jaligi rezervlaridan foydalanish bo‘yicha ishlar tanqid qilindi, yetarlicha tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Pillachilikda ozuqa bazasini ko‘paytirish maqsadida fermer xo‘jaliklarida 2 ming gektar, kelgusi yilda 2,5 ming gektarga tut ko‘chatlari ekish rejalashtirildi.



















