Vazirlik matbuot kotibi Sherzod Ahmadovning qayd etishicha, mobil qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish ikki xil usulda amalga oshiriladi: O‘zbekistonga chetdan kirib kelgan jismoniy shaxslarda bo‘lgan mobil vosita hamda o‘rnatilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tgan, mamlakatga yuridik tashkilot tomonidan tijoriy maqsadlarda import qilingan uyali aloqa vositalari qaydga olinadi.
Ro‘yxatga olishda nega muammo bo‘lyapti?
«Kuni kecha tarqagan xabarlarga qaraganda, ayrim fuqarolar chet eldan qaytgach, uyali aloqa vositasini pasporti bilan ro‘yxatdan o‘tkaza olmagan. Mobil qurilmalarni O‘zbekistonga jismoniy shaxslar ham olib kirishi mumkin, ammo uning miqdori cheklangan va bu qonun bilan tartibga solinadi. Demak, haqiqatan chetdan qaytganini tasdiqlash orqali fuqarolar xorijdan O‘zbekistonga olib kelgan telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak edi.
Yuzaga kelgan holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etdik. Negaki, shaxsga oid ma'lumotlar uchinchi shaxs tomonidan noqonuniy foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Bu tergov-surishtiruv jarayonida oydinlashadi», — deydi Ahmadov.
Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish nega kerak?

Hukumatning tegishli qarori bilan, O‘zbekistonda mobil qurilmalarni hisobga olish tizimi joriy etilgan. Hujjatga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad – «iste'molchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish hamda telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish» edi.
Sherzod Ahmadovning bildirishicha, ro‘yxatga olingan uyali aloqa vosita yo‘qotilgan yo o‘g‘irlanganda egasining so‘rovi asosida qurilma «qora ro‘yxat»ga kiritilishi mumkin. Ya'ni o‘g‘irlangan mobil qurilmadan foydalanishning texnik imkoniyati yo‘qoladi.
Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish 2019 yil 31 oktyabriga qadar bepul amalga oshirilishi belgilanib qo‘yilgandi















