Lionel Messi «Barselona»da qoladi. Bu haqda argentinalik futbolchi rasmiy bayonoti orqali ma'lum qildi. Kataloniyalik muxlislar yengil tin olishdi, lekin 33 yoshli forvard hali ko‘k-anorranglilarning rahbariyati bilan urush holatida, qolaversa u yangi bosh murabbiyi Ronald Kuman bilan chiqishib keta olmagan.

Messi o‘z bayonotida nima dedi

Men rafiqam va bolalarimga klubni tark etish istagim haqida gapirganimda, bu shafqatsiz drama bo‘lgandi. Oila a'zolarimning barchasi yig‘lashdi, bolalar Barselonadan ketishni va maktablarini almashtirishni istamasdi. Lekin men kelajak haqida o‘ylashim kerak edi. 

Yuqori saviyada o‘ynashni, sovrinlar yutishni, Chempionlar ligasida raqobatbardosh jamoada bo‘lishni istayman. Bu turnirda har doim ham g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, bu juda murakkab turnir, ammo hamisha yaxshi ishtirok etish kerak. Rimda, Liverpulda va Lissabondagi kabi sochilib ketish emas, kurashish kerak. Bularning barchasi meni klubni o‘zgartirish haqida o‘ylashga majbur qildi.

Keta olishimga ishonchim komil edi. Klub prezidenti hamisha istalgan mavsum yakunida ketish yoki qolish bo‘yicha o‘zim qaror qabul qilishim mumkinligini aytardi. Endi esa rahbariyat men 10 iyungacha ketishim haqida ogohlantirmaganimga yopishib oldi. Axir biz o‘sha vaqtda koronavirus tufayli mavsum davom etish-etmasligini bilmaganmizku! Bu kasallik butun mavsumni o‘zgartirib yubordi.

Shunday ekan, men qolaman. Prezident faqat 700 mln yevro to‘lansa ketishim mumkinligini aytdi. Bu esa imkonsiz ish. Boshqa variant ham bor edi — barchasini sudda hal qilish. Lekin men hech qachon «Barsa» bilan sudlashmayman, men bu klubni juda sevaman. Klub menga juda ko‘p narsa bergan. Bu klub hayotimga aylangan. Klub menga barchasini berdi, men esa faqat arzimas chaqalar qaytardim. Xayolimga hech qachon «Barselona» bilan sudlashish fikri kelmagan.

Men hamisha klubni hammasidan ustun qo‘yganman. Men ko‘p marta «Barsa»dan ketishim mumkin bo‘lgan. Pullar? Har yili men ketishim va «Barselona»dagidan ko‘proq pul ishlashim mumkin edi. Men hamisha bu mening uyim ekanini aytib kelganman.

Men Barselonani sevaman va bu yerdan yaxshiroq joy topa olmasligimni tushunaman. Lekin menda tanlov huquqi bor. Men o‘z oldimga yangi vazifalar va yangi maqsadlar qo‘yishni rejalashtirgandim. Ertagayoq qaytishim mumkin, axir «Barselona»da hammasi bor.

Men klub prezidentiga ketishni istashimni aytdim. Butun yil davomida aytib keldim. Boshqa tomonga ham qadam tashlash vaqti kelgan deb o‘yladim. Men klubni yoshartirish kerak deb hisobladim, mening klubdagi davrim poyoniga yetdi deb o‘yladim. Garchi men faoliyatimni shu yerda yakunlash haqida orzu qilgan bo‘lsamda. Men «Bavariya»dan mag‘lubiyat tufayli bu qarorga kelmadim, men ko‘p vaqtdan buyon bu haqda o‘ylab kelardim. Oxir-oqibat, klub prezidenti o‘z so‘zida turmadi.