O‘zbekiston | 12:02 / 15.09.2020
11730
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda ko‘p miqdorda sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati fosh etildi 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 20 avgust kuni soat 03:00dan 08:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxs 40 yoshli A.X.ning Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “F.Yunusov” MFY Paxtakor ko‘chasidagi uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u uy yotoqxonasida bo‘lgan sandiq ichidan 87 150 000 so‘m naqd pullarini o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (ko‘p miqdorda sodir etilgan o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida, mazkur jinoyatni muqaddam o‘g‘rilik jinoyat sodir etganlik uchun sudlangan 24 yoshli A.A. sodir qilinganligi aniqlangan. 

Tergov jarayonida jabrlanuvchi A.X.ning jiyani, voyaga yetmagan 17 yoshli M.A. qarindoshining uyda ko‘p miqdorda pul borligi to‘g‘risida A.A.ga xabar berganligini, A.A. esa mazkur xabarga ko‘ra jinoyatni sodir etganligi aniqlangan, A.A.dan ashyoviy dalil tariqasida 44 913 000 so‘m pullar o‘rnatilgan tartibda hujjatlashtirib olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.A. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. M.A.ning harakatlariga qonuniy baho berish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid