O‘zbekistonda ham dasturchilikka qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, muvaffaqiyatli dasturchilardan biri Botir Ziyatov bilan suhbat uyushtirdik va ko‘plab yoshlarni qiziqtirayotgan savollarga javob oldik.

― Botir aka, siz bilan ko‘rishishdan oldin ish takliflari joylanadigan saytlardagi dasturchilar va umuman IT sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talab va maoshni ko‘rib, hayron qoldik. Nima uchun dasturchilar bunchalik qadrlanadi?

― Bunga asosiy sabab – IT sohasining rivojlangani. Ya'ni biz doim hayotimizda texnologiya bilan birga yurganimiz uchun ham shunday. Misol uchun, siz ish qidirish uchun qidiruv tizimidan foydalandingiz. Darrov ko‘chaga chiqib, biror korxonaning oldiga bormadingiz yoki e'lonlarni ko‘rmadingiz. Shunchaki, o‘tirgan joyingizdan qidirdingiz. Bu qidiruv tizimini aynan dasturchilar yaratgan.

Bundan tashqari, millionerlar ro‘yxatidagi badavlat insonlarning ko‘pi IT sohasidagi gigantlardir. Misol uchun, Jyef Bezos (Amazon), Mark Tsukerberk (Facebook), Bill Geyts (Microsoft)... Ularning dasturlari doimiy ishlab turishi uchun ularga aynan dasturchilar kerak.

― Siz tashkil etgan «dasturchilar inkubatori»ning boshqa markazlardan farqi nimada?

― Biz ularga dasturlashni boshqacha usulda o‘rgatamiz, ya'ni ularning qo‘liga real loyihalar beramiz. O‘quvchilarimiz dasturlashni loyihani amalga oshirish jarayonida o‘rganishadi. Nazariya va leksiyalar kam bo‘lib, ular loyiha ustida jamoa bo‘lib ishlashadi. Ular doimo ish jarayonida bo‘lishadi. Biror korxonaga ishga borsa ham, jamoa bo‘lib ishlashda qiynalishmaydi.

― Sodda qilib tushuntirganda, dasturlash o‘zi nima?

― Kundalik hayotimizda ko‘p shu holatga duch kelamiz. Misol uchun, kimdir bilan suhbatlashsam, nima ish qilishimni so‘raydi. Dasturchiman desam, ko‘pchilik telefon yoki kompyuterini ko‘rib berishimni iltimos qilib qolishadi. Ko‘pchilik dasturchilarni kompyuter yoki telefonni tuzatib beruvchi sifatida tushunadi. Aslida tuzatish vazifasini bajaruvchilar dasturlardan foydalanishadi. Dasturchilar esa ular foydalanadigan dasturlarni yaratib berishadi. Ular ijodkorlar hisoblanadilar.

― Kurslarning davomiyligi qancha?

― Kurslar ikki xil: intensiv va odatiy shaklda tashkillashtiriladi. Intensiv shaklda davom etadigan kurslar odatda 4 oy, odatiy kurslar esa 6 oy davom etadi. Kurslar 4 oydan kam emas. Biz bolaning ishlab keta olishi uchun zarur bilimlarni shuncha vaqt ichida bera olamiz.