Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha, Filial Toshkent davlat agrar universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilandi:

qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, «Aqlli qishloq xo‘jaligi» (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;

o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida sohaga oid innovatsion va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli hamda resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish;

xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida Filialning professor-o‘qituvchilari, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarining malakasini oshirish va stajirovkalarini hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish;

ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;

professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligini va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida «kichik innovatsion korxonalar» tashkil etish;

kafedralar ixtisosligi bo‘yicha talabalar va yosh olimlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish maqsadida ilmiy maktab va to‘garaklarni, shuningdek, «Yosh olimlar klubi»ni (Young Scholars Club) tashkil etish hamda keyinchalik eng iqtidorli yosh olimlarni xorijiy davlatlarga o‘qishga va stajirovkaga yuborish;