Angliya chempionati. Premer-liga. 3-tur
«Manchester Siti» — «Lester» – 2:5 (1:1)
Gollar: Mahrez, 4 (1:0). Vardi, 37 – penaltidan (1:1). Vardi, 54 (1:2). Vardi, 58 – penaltidan (1:3). Meddison, 77 (1:4). Ake, 84 (2:4). Tilemans, 88 – penaltidan (2:5).
«Manchester Siti»: Ederson, Fernandinyu (Delap, 51), Uoker, Ake, Benj.Mendi, Garsiya, De Breyne, Ernandes, Fouden (Torres, 64), Sterling, Mahrez.
«Lester»: Shmayxel, Evans (Fuks, 80), Chag‘lar Suyunchi, Kastan, Jastin, N.Mendi, Prat (Meddison, 69), Tilemans, Amarti, Barns, Vardi (Ixeanacho, 85).
Ogohlantirishlar: Tilemans, 22. Chag‘lar Suyunchi 47. Amarti, 51. Ake, 60.
Hakam: Oliver. 27 sentabr. Manchester. «Etihad» stadioni.

Pepning shikoyatlari
O‘yindan oldin Pep Gvardiola nomi yangiliklarda tinmay aylandi, u turnir taqvimini keskin tanqid qilgandi: «Futbolchilarda mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki hafta bo‘ldi, endi ular 11 oy mobaynida har uch kunda o‘ynashlari kerak. Futbolchilar to‘g‘risida hech kim qayg‘urmayapti. Barcha faqat o‘z biznesini himoya qilmoqda. Bizda terma jamoalaridan jarohat bilan qaytgan uch futbolchi bor. Futbolchilar – robotlar emas». E'tiborli jihati, «Manchester Siti»ning birinchi tur o‘yini kechiktirilgan va jamoa faqat ikkinchi turdan chempionatni boshlagandi. Ammo Gvardiolani bu qanoatlantirmagan, shu tufayli futbol rahbarlari kataloniyalik mutaxassisdan achchiq so‘zlar eshitib olishdi.

Chindan ham «Siti»da tarkib bilan bog‘liq muammolar talaygina: Aguero, Bernardu Silva, Joau Kanselu, Zinchenko va Gabriel Jyezus jarohat tufayli, Gundo‘g‘an esa koronavirusga chalingani sabab maydonga tusha olmadi. Ammo shunda ham Angliya vitse-chempionlarida jangovar tarkib bor edi va bu tarkib 2:5 hisobida mag‘lub bo‘lishi kutilmagan hol bo‘ldi.

Pepning bezovtaligi
«Siti»da forvardlarning jarohatlari tufayli hujum markazida Rahim Sterling o‘ynadi. «Shaharliklar» o‘yinni hujum bilan boshlashdi va 4-daqiqadayoq Riyoz Mahrez kuchli zarba bilan to‘pni Shmeyxel qo‘riqlayotgan darvozaning olis burchagiga joylab, hisobni ochdi. Bu vaziyatda darvozabonda ayb yo‘q edi, jamoa himoyachilari sobiq jamoadoshlarini jarima maydoni ichida yolg‘iz qoldirishgandi.