O‘rganish natijalariga ko‘ra, sentabr oyining oxirgi o‘n kunligida ichki bozorlardagi ayrim turdagi iste'mol tovarlari narxlarining keskin oshishi kuzatildi.
Xususan, kungaboqar yog‘ining chakana narxi sentabr oyining boshiga nisbatan 11 500 so‘mdan 15 000 so‘mga (o‘sish 30 foiz), shakar mahsulotining narxi 6 000 so‘mdan 7 000 so‘mga (o‘sish 15 foiz) hamda parranda tuxumi narxi 1000 so‘mdan 1300 so‘mga (o‘sish 30 foiz) oshganligi kuzatildi.
Ushbu iste'mol tovarlari narxlari oshishi sabablari quyidagilar bilan bog‘liq bo‘lgan:
A) Kungaboqar yog‘i bo‘yicha.
Respublikada bugungi kunda 40 dan ortiq kungaboqar yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.
Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyi davomida 177 ming tonna kungaboqar yog‘i import qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga ko‘p.
Kungaboqar yetishtiruvchi asosiy yirik davlatlardan biri va respublikaga import qilinadigan mahsulotning asosiy qismi to‘g‘ri kelgan Rossiya Federatsiyasida kungaboqar hosili joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.
Rossiyada 2019 yilda 15,3 mln tonna kungaboqar yetishtirilgan bo‘lib, 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 13,5 mln tonna atrofida prognoz qilinmoqda.
Bu esa, o‘z navbatida, mahsulotning narxlariga ta'sir etdi, xususan Rossiya bozorida avgust oyida bir tonna kungaboqar yog‘i 750-800 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan haftada narxlar 985-1050 dollarni tashkil etib, narxlar o‘rtacha 30 foiz oshgan.
Bundan tashqari, Rossiya ichki bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kungaboqarning yetishmasligi sababli mahsulot eksportining 4 yilga cheklanishi masalasining ko‘rib chiqilishi ham mahsulot narxlarining shakllanishiga ta'sir qilgan.
B) Tuxum mahsuloti bo‘yicha.
Prezidentning 2020 yil 19 iyundagi PF–6011-sonli farmoniga muvofiq chetdan keltiradigan parranda ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, veterinariya preparatlari uchun joriy yilning 1 oktyabridan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanishi ko‘zda tutilmoqda, bu esa o‘z navbatida ushbu mahsulotlar narxlarining 15 foiz oshishiga olib kelishini inobatga olib, bozor ishtirokchilari o‘zgarishlarni hisobga olgan holda narx belgilamoqda.















