Oq uyning prezident virusdan zararlangani haqidagi xabari Vashington vaqti bilan soat tungi ikkida e'lon qilindi, amerikaliklarning katta qismi bu hodisadan faqat tongda xabar topdi.

BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha korrespondenti Entoni Zurker bu hodisani siyosiy zilzila deb atadi.

Dunyodagi eng qudratli insonning jiddiy kasallikka chalinishi, ayniqsa, saylovlarga bir oy vaqt qolganida saylov jarayoniga ham ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Prezidentlik saylovlari endi nima bo‘ladi?
«Men saylovlar 3 noyabr kuni o‘tkazilishiga hech qanday shubha qilmayapman», dedi Amerikadagi Politico nashrining Yevropadagi bo‘limi muharriri Jyek Blanshar.

Ushbu tahlilchi internetda paydo bo‘layotgan konspirologik talqinlarni jiddiy qabul qilmaslikka chaqirgan.

AQSh tarixida biror-bir sababga ko‘ra prezidentlik saylovlari qoldirilishi hali kuzatilmagan. Amerikaliklar ongida «noyabrning birinchi dushanbasidan keyingi birinchi seshanba» sanasi muhrlanib qolgan.

1841 yilda Uilyam Garrison prezidentlik qasamyodini qabul qilganidan bir oy o‘tib olamdan o‘tganida vitse-prezident Jon Tayler qolgan to‘rt yil davomida mamlakatni boshqarishi kerakligi yoki shoshilinch ravishda saylovlar o‘tkazilishi bo‘yicha bahslar bo‘lgan. O‘shanda Tayler 4 yil davomida prezidentlik qilgan va bu masala boshqa hech qachon ko‘tarilmagan.

Biror nomzod saylovlar yaqin qolganida vafot etgani yoki saylovda ishtirok etishga yaramay qolgani bilan bog‘liq holat ro‘y bermagan.

Trampning sog‘ligi haqida nimalar ma'lum?
AQSh prezidenti tvitterdagi sahifasida yaqin maslahatchisi Houp Hiksda virus chiqqach, o‘zi va rafiqasi koronavirusni aniqlash uchun test topshirgani, ikkisining ham natijasi musbat chiqqani va endi karantinga ketishlari haqida yozdi.

Oq uy Trampda Covid-19 alomatlari yengil shaklda ekanini ma'lum qildi. Oq uy ma'muriyati rahbari Tramp tetik holda ishlashni davom ettirayotganini aytdi va prezident tez orada sog‘ayishiga umid bildirdi.

New York Times nashri prezidentga yaqin manbasiga aoslanib xabar berishicha, undagi alomatlar shamollashnikiga o‘xshash kechmoqda - unda yo‘tal va harorat kuzatilmoqda.

Prezidentning davolovchi shifokori Shon Konli u o‘z majburiyatlarini bajara olishini ma'lum qilgan.