Tashkent City kongress-hollida o‘tkazilgan taqdimotda O‘zbekiston, Turkiya rasmiylari va kinoijodkorlari, loyiha mualliflari ishtirok etdi.
Prezidentning davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov taqdimotda so‘zga chiqib, O‘zbekistondek boy tarix hamma davlatga ham nasib qilmaganini ta'kidladi.

“Hali yana Jaloliddin Manguberdi kabi insonlar unib-o‘sadi. O‘zbekistonda yangi bir bosqich boshlandi. Bu bosqichda bolalarimiz tarixni yaxshi o‘rganishi lozim”, - dedi prezident maslahatchisi.

Shuningdek, taqdimotda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, loyiha rahbari Saida Mirziyoyeva ham so‘zga chiqib, loyihaning asosiy qismi karantin davriga to‘g‘ri kelganini, shunday bo‘lishiga qaramasdan, serialni suratga olish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilganini aytdi.
“Serialni suratga olish ishlari yaxshi ketayotgan edi. lekin pandemiya balosi bizning ishimizga ham zarar keltirdi. Karantin davrida suratga olish ishlari rejadan chiqib ketdi, qanchadan-qancha aktyorlar Turkiyada oilasidan uzoqda yashashiga to‘g‘ri keldi. Loyihani shu yilda tugata olishimizga ham shubha qilgan edim. Lekin Allohning qo‘llab-quvvatlashi va fidoyi ijodkorlar harakati bilan taqdimot kuniga yetib keldik.
Bugun nafaqat taqdimot marosimi, balki o‘zbek milliy kinochiligida yangi sahifa ochilyapti. Umid qilamanki, bunga serialni tomosha qilib amin bo‘lish mumkin bo‘ladi. Albatta, bu serial turli fikrlarga, tanqidlarga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman, lekin biz bunga tayyormiz. Biz fikrlar xilma-xilligini hurmat qilamiz. G‘urur bilan aytishimiz mumkinki, biz buni uddaladik”, - dedi Saida Mirziyoyeva.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mazkur serial prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixni chuqurroq o‘rganish haqidagi chaqirig‘iga javob beruvchi birinchi loyiha bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
“Agar biz tariximizga mehr qo‘ysak, bugungi uyg‘onish davrini biz amalga oshira olamiz” – dedi vazir.












