«Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov mashinalar harakatlanish tezligi, pandemiyada maktablar ochilishi va «Yuksalish» harakati yuzasidan turli savollarga javob berdi. U Kun.uz’ning «Erkin suhbat» ko‘rsatuvi navbatdagi mehmoni bo‘ldi.

— «Yuksalish» umummilliy harakatining maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Rasmiy saytda bu haqda ko‘p ma'lumot berilgan, lekin shuni rais o‘zidan eshitsak, shularni soddaroq tushuntirib bering.

— Harakatning asosiy vazifasi O‘zbekistondagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilishdan iborat va bu bir necha bosqichlarda amalga oshiriladi.

Birinchidan, muloqotni rivojlantirish ya'ni davlat tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlarni jamoatchilikka oddiy-sodda tilda yetkazishdir. Shu bilan birga aholini tashvishlantirayotgan masalalar haqida hukumat va parlamentni xabardor qilish. Chunki qaror qabul qilayotganda joylardagi fuqarolarni tashvishlantirayotgan real vaziyatlarni hisobga olish kerak. Ikkinchisi — fuqarolarni muhim siyosiy jarayonlarga jalb qilib borish. Buning uchun biz jamoatchilik kengashlarini rivojlantirmoqdamiz, chunki ularning asosiy vazifasi xalq va davlat o‘rtasida ko‘prik bo‘lish hisoblanadi. Uchinchisi — manitoring qilish, ya'ni biz davlat dasturlari va islohotlarning manitoringini olib boramiz. Vazirlar Mahkamasi ham bu ish bilan shug‘ullanadi, lekin biz ulardan farq qilamiz. Bu farq bizdagi hisobotlar nisbatan shaffof ko‘rinishda kasb etishi bilan o‘z aksini topadi. Shuningdek, biron-bir davlat idorasi bir hujjatni qabul qilsa yoki biron sohani rivojlantirish uchun yo‘l xaritasi qabul qilinsa, biz davlat dasturidagi ishning mohiyati real hayotda o‘z aksini topdimi, yo‘qmi shuni aniqlaymiz. Shu bilan birga biz ham hisobotlar berib boramiz.

Ushbu hisobotlar va ma'lumotlar qanchalik darajada jamoatchilikka ochiq. Hisobotlar Vazirlar Mahkamasi — hukumatga kirgizilar ekan jamoatchilikka ham e'lon qilinadimi?

— Albatta, biz hisobotlarni turli ko‘rinishlarda e'lon qilib boramiz. Avvalo o‘z veb-saytimizda bu ma'lumotlarni berib boramiz va ba'zi vaqtlarda bu axborotlar jamoatchilik orasida rezonans uyg‘otadi. Boshqa hollarda biz jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazamiz, ya'ni davlat idorasi vakillari, jamoatchilik vakillarini bir stol atrofiga chaqirib, yechim yo‘llari yoki muammoning mazmunini muhokama qilamiz. Ma'lumki, hukumat doimiy tarzda davlat dasturi ijrosi bo‘yicha parlamentda hisobot berib boradi va o‘sha vaziyatda natijalarni ochiq muhokama qilishga imkon bo‘ladi.