«Pandemiya sharoitida barcha soha vakillari, eng avvalo, tibbiyot xodimlari zimmasiga katta mas'uliyat yuklandi. Shifokorlarimiz tun-u kun «jang maydoni»da bemor hayoti uchun tinimsiz kurashmoqdalar. Koronavirus infeksiyasining kechish darajalariga qarab bemorlarga psixologik ta'sir bo‘lmasligi uchun, yengil va o‘rta darajada kechayotgan kasallikni uy sharoitida davolashga ham ruxsat berildi. Albatta, bunda bemorning holati malakali tibbiyot xodimi tomonidan nazorat qilinishi, davo muolajalari SSV tomonidan taqdim etilgan protokol asosida olib borilishi talab etiladi.
Ammo hozirgi kunda koronavirus infeksiyasining yengil va o‘rta darajadagi shaklini uyda davolashda o‘ta kuchli dori vositalaridan foydalanib, kasallikni davolash o‘rniga uning yanada avj olishiga sabab bo‘layotgan ayrim «shifokor»larimiz ham bor. Tavsiya etilayotgan dori vositalari ro‘yxatiga nazar solsak, «Deksametazon», «Meropenem» kabi, shuningdek, bir vaqtning o‘zida 3-4 xil guruhga mansub «Amikatsin», «Levofloksatsin», «Tsefazolin sulbaktam», «Tsefaperazon» va mikrobga qarshi «Metronidazol» kabi dori vositalari ham bir vaqtning o‘zida foydalanilayotganini ko‘rish mumkin. Bu dorilar alohida ishlatilganda ham kuchli vosita hisoblanib, faqatgina Covid-19’ning eng og‘ir darajalarida statsionar sharoitda ishlatish tavsiya etiladi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi E'zozbek Rizayev vazirlik matbuot xizmatiga bu haqda batafsil so‘zlab berdi.
— «Deksametazon» preparatini Covid-19’ga chalingan bemorlarni davolashda ishlatish tavsiyasi 2020 yil iyun oyida Buyuk Britaniya olimlari tomonidan taklif etildi. Oksford universiteti rasmiy saytida Covid-19 kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir davrida, faqatgina kislorodga muhtoj bo‘lgan va sun'iy nafas olish apparatiga ulangan kasallarga reanimatsiya sharoitida kuniga 6 mg miqdorida 10 kun davomida berish taklif etilgan. E'tiborli jihati, «Deksametazon» dori vositasini faqatgina reanimatsiya sharoitida berish tavsiya etiladi», deb rasmiy bayonotda aniq belgilab qo‘yilgan.
«Deksametazon» bu «Aspirin» yoki «Tsitramon» emaski, uni xohlagan odam dorixonadan sotib olib, o‘z bilganicha iste'mol qilsa. «Deksametazon» kuchli yallig‘lanishga qarshi va immunodepresant (immunitetni tushiruvchi) sintetik gormonal dori vositasi. Undan noto‘g‘ri foydalanish, avvalo:
- immun tizimining faoliyatini susaytiradi;
- qandli diabet kasalligini keltirib chiqaradi va uni rivojlantiradi;

















