Prezidentning “O‘rmon xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakulteti negizida universitet tarkibidagi O‘rmon xo‘jaligi institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, o‘rmon seleksiyasi va urug‘chiligi, ko‘chatchiligini rivojlantirish, ko‘paytirish, o‘rmonlarni muhofaza qilish, foydalanish borasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-sinovlari o‘tkazish hamda oliy malakali kadrlar tayyorlash ishlarini amalga oshirish;

ilg‘or xorijiy tajribalar asosida Institut tarkibidagi ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining o‘quv rejalarini ta'limning kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish;

o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish;

talabalarning o‘quv mashg‘ulotlari, malakaviy amaliyotlarni o‘tishda innovatsion va yangicha fikrlashga yo‘naltiradigan yangi interfaol uslublarni, shu jumladan, talabalarning mustaqil izlanishini ta'minlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;

rivojlangan xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;

professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida davlat xususiy sheriklik shartlari asosida “Kichik innovatsion korxona”lar tashkil etish;

o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari va klasterlari mutaxassislari uchun seminar-treninglar hamda axborot-maslahat xizmatlarini tashkil etish, bakalavr, magistr, tayanch doktorantlar va doktorantlarning amaliyoti hamda ilmiy-tadqiqotlar ishlarini muvofiqlashtirish;

davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan loyihalar hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari tanlovida ishtirok etish, sohaga doir dolzarb mavzular yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;