Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 15 oktabr kuni, qirg‘iz xalqiga mamlakatdagi mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyat tufayli murojaat bilan chiqdi

«Aziz vatandoshlar! Mamlakatimiz poytaxti Bishkek shahrida ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kecha Jo‘qorg‘i Kengesh hukumat tarkibini tasdiqladi, men Qirg‘iziston Respublikasi prezidentining tegishli lavozimlarga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarini imzoladim. Ammo, bu keskinlikni yumshata olmadi.

Men uchun Qirg‘izistonda tinchlik, mamlakat yaxlitligi, xalqimizning birligi va jamiyatdagi osoyishtalik hamma narsadan ustundir. Men uchun har bir vatandoshimning hayotidan azizroq narsa yo‘q. Men hokimiyatda intilmayman. Qirg‘iziston tarixida o‘z xalqiga o‘q otgan va qon to‘kkan prezident sifatida qolishni istamayman. Shu sababli iste'foga chiqishga qaror qildim. Men Japarovni va boshqa siyosatchilarni poytaxtdan o‘z tarafdorlarini olib chiqib, Bishkek aholisiga tinch hayotni qaytarishga chaqiraman. Hech qanday hokimiyat mamlakatimiz bir butunligi va jamiyatdagi totuvlikdan ustun emas», deyiladi prezident saytida joylashtirilgan bayonotda.

Shu kunlarda Jeenbekov yangi bosh vazirning iste'fo to‘g‘risidagi talabini rad etgandi.

Chorshanba kuni tongda u Japarovni hukumat rahbari etib tayinlagandi. Bu ikkinchi urinishda ro‘y berdi. Parlamentning birinchi tayinlovi prezident tomonidan rad etilgan, u buni bosh vazirni tayinlash uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda parlamentda yetarli miqdorda deputatlar ishtirok etmagani bilan izohlagandi.

Prezident Japarovni bosh vazirlikka tayinlashi bilan u prezidentning iste'fosini talab qila boshladi.

«Prezidentning iste'fosi - xalq talabi. Bugun men prezidentning oldiga kiraman, biz bu masalani hal qilamiz», - degandi Japarov jurnalistlarga.

Bu vaqtda hukumat binosi oldida Japarovning tarafdorlari yig‘ilgan va prezident iste'fosini talab qilib miting boshlagandi.

Prezident bilan uchrashuvda yangi bosh vazir yana bir bor undan zudlik bilan iste'foga chiqishni talab qilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati ham xabar bergan. Chorshanba kungi uchrashuv vaqtida prezident bu talabni bajarishdan bosh tortgandi.

«Prezident 9 oktabr kuni bayon qilingan pozitsiyasida qat'iy turibdi: u mamlakatni huquqiy yo‘lga qaytargach — parlament saylovi o‘tkazilganidan va prezidentlik saylovi e'lon qilinganidan keyin iste'foga chiqadi», degandi prezident matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyeva.