Uchrashuv davomida bosh vazir Japarov prezident kun oxirigacha iste'foga chiqishini talab qilgan.
Jeenbekovning matbuot xizmati uning Japarov bilan uchrashuvidan keyin prezident iste'foga chiqishga «haqli emasligi» haqida e'lon qildi.
«Sooronbay Jeenbekov yana bir bor hozir prezidentlik lavozimini tark etishga haqqi yo‘qligini, bu davlatga zarar keltiruvchi oldindan aytib bo‘lmaydigan voqealarga olib kelishini qayd etib o‘tdi.
Sooronbay Jeenbekov 9 oktyabrda bildirgan pozitsiyasida sodiq qoladi: u vaziyat yana qonuniy o‘zaniga qaytishi, barcha davlat tuzilmalari va hukumat qonuniy maqomga ega bo‘lishi va mamlakat to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi - parlament saylovlari o‘tkazilib, yangi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi e'lon qilinganidan so‘ng iste'foga chiqishini eslatib o‘tdi», deyilgan xabarda.
Ushbu uchrashuvdan keyin bosh vazir muxolifat vakillari Jeenbekovni iste'foga chiqarishga erishmoqchi ekanliklarini aytib o‘tdi.
«Jeenbekovning iste'fosi bo‘yicha muzokaralar ertaga 11:00da davom ettiriladi. U ketadi, oz qoldi, o‘ylaymanki muzokaralar ertaga soat 12:00 yoki 13:00da yakunlanadi», degan Japarov.
Uning bayonoti ortidan Jeenbekovning matbuot xizmati iste'foning muayyan muddati belgilanmaganini qayd etib bayonot berdi.
Rossiya nashrlari xabarlariga ko‘ra, Bishkekdagi hukumat uyi oldida Jeenbekovning iste'fosini talab qilgan namoyishchilar to‘plangan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra mitingchilar tarqalgan, lekin ular payshanba kuni ham qaytishi kutilmoqda.
Shanba kuni mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinlangan Japarov 4 oktabr kuni o‘tkazilgan saylov natijalarga norozilik sifatida boshlangan namoyishlar davomida qamoqdan ozod etilgandi. U 2017 yilda bir qator jinoyatlarda, xususan, davlat amaldorini garovga olish va noqonuniy miting tashkillashtirishda ayblanib qamalgandi.
Saylovda parlamentdan o‘rin ololmagan boshqa partiyalarning ham tarafdorlari ko‘chalarga chiqqan, ularning barchasi saylov natijalarini hisoblashda soxtalashtirish bo‘lganini da'vo qilishmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar ularning da'volari asosli ekanini aytishmoqda.








