Videoda katta uyumdagi chiqindilar yer maydoni va suv yuzasiga to‘kib ketilgani tasvirlangan. Video muallifi bu hududga uchta mashinadan to‘kilgan chiqindi sochilib yotgani haqida aytgan.

Kun.uz muxbiri hodisa bo‘yicha izoh olish uchun Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulov bilan bog‘landi.

«Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimi topshirig‘i bilan hokimlik axborot xizmati vakillari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i, Zangiota tumani ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish mintaqaviy qo‘mitasi raisi va boshqalar voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganishdi. 

Aniqlanishicha, chiqindilar belgilangan joyga olib borilmasdan Chirchiq daryosining Yangiyo‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismiga, tadbirkorga tegishli yer maydoniga tashlab ketilgan.

Videoda tasvirga olingan holat 15 oktabr kuni tumanning «Chortoq» mahallasida yuz bergan. Shuningdek, chiqindilarni fuqaro Abdulloh Karimov tashlab ketgani, undan tushuntirish xati olinib, u tegishli kodeksga asosan ma'muriy javobgarlikka tortilgani ma'lum bo‘ldi.

Chiqindi to‘kilgan joy hozirda obodonlashtirilgan. Chiqindilar kasalxonadan qachon olib chiqib ketilgan, bu ish shaxsiy tashabbusmi yoki kimdir topshiriq bergani bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilyapti», dedi hokimlik vakili.

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov esa mazkur muassasa boshqarma tasarrufiga kirmasligini aytdi.

«Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan mazkur muassasaning boshqarmamizga aloqasi yo‘q. Bu respublika miqyosidagi muassasa hisoblanadi. Agar Olmaliqdagi, Chirchiq shahridagi, Bekoboddagi muassasalarimiz bo‘yicha savolingiz bo‘lsa biz to‘liq ma'lumotga egamiz va ular uchun javob beramiz», deya ta'kidladi boshqarma boshlig‘i.

Internetda mazkur holat borasidagi bahs-munozaralar tobora avj olmoqda. Deputat Rasul Kusherbayev ham telegramdagi kanalida tibbiy buyumlar chiqindisi Zangiota va Quyi Chirchiq tumanlari hududiga tashlab ketilayotganiga e'tibor qaratib, bu o‘sha hududlar aholisi orasida kasallik keng tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligini yozgan.