Andijon viloyatining cho‘l hududi sanalgan Ulug‘nor tumani markazidan olisda joylashgan «To‘rttol» MFYda kichik quyosh elektr stansiyasi o‘rnatilgan suv qudug‘i foydalanishga topshirildi.
Mahallaning Jannatobod ko‘chasida joylashgan ichimlik suvi qudug‘iga quvvati 5 kilovatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini o‘rnatish orqali 2 ming nafar aholi suv bilan ta'minlangan.




Umumiy qiymati 52 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha yiliga 44 ming kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish evaziga uch-to‘rt yil ichida xarajatlarini to‘liq oqlaydi.
Biz To‘rttol mahallasida bo‘lib, mazkur quyosh elektr stansiyasi yordamida tashqi elektr ta'minotisiz aholi xonadonlariga ichimlik suvi yetkazib berish jarayonini kuzatdik. E'tiborimizni tortgani shu bo‘ldiki, elektr ta'minotida uzilishlar yuzaga kelganda ham aholi xonadonlariga ichimlik suvini uzluksiz ravishda yetkazib berish imkoniyati mavjud ekan.

Mazkur inshootni ishga tushirishda ishtirok etgan «Ufq-95» firmasi bosh muhandisi Ulug‘bek Niyozovning aytishicha, barcha ishlar 2019 yilda «Obod qishloq» davlat dasturi asosida amalga oshirilgan. To‘rttol mahallasi tumanning eng chekka hududi bo‘lgani uchun bu yerda elektr ta'minoti bo‘yicha uzilishlar va muammolar ko‘p. Shu bois tuman hokimligi va «Suvoqava» tashkiloti bilan maslahatlashgan holda quyosh panellaridan foydalanish maqsad qilingan.
«Inshootni 2019 yil noyabr oyida foydalanishga topshirganmiz. Oradan deyarli bir yil o‘tib, qo‘yilgan talablarga javob berdi. Kelajakda buni yanada takomillashtirib, yaxshiroq yo‘llarini o‘ylab topishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bu quyosh panellarining afzalliklariga kelsak, birovning nazoratisiz o‘zi ishlaydi, suv to‘lgandan keyin o‘zi o‘chadi. Avtomatik tarzda ishlayveradi. Eng asosiy yutuqlardan yana biri shuki, nasosimizni bir kunda bir mahal ishlatganimiz hisobiga yillik 9,5 million so‘m elektr energiyasidan iqtisod qilyapmiz. Agar kuniga ikki yoki uch marta ishlatiladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yanada kattalashadi.

















