- 21 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Enter Engineering kompaniyasining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi obektlaridan biridagi ishchilarning noroziligi aks etgan videoyozuvlar tarqaldi. Bunga izoh bergan kompaniya rahbariyati ishchilarining ommaviy noroziligiga nonushta o‘z vaqtida berilmagani sabab bo‘lganini ma'lum qildi. Keyinchalik Energetika vazirligi Uzbekistan GTL’dagi vaziyat barqarorlashganini, barcha muammo va masalalar joyida ijobiy hal etilganini xabar qildi.
Kun.uz muxbiri shu kuni hodisa joyida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Dastlabki ma'lumotlarda oshxonadagi monoblok tizimining (elektron kirish) texnik nosozligi natijasida ishchilarning kundalik ovqatlanishga kira olmagani hamda maoshlar to‘lanishi kechikkani ushbu ishchilarning noroziligiga sabab bo‘lgani aytilgandi. Ma'lum bo‘lishicha, yuz bergan tartibsizliklarda mingga yaqin ishchi qatnashgan.

«ERIELL» kompaniyalar guruhi boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov ushbu holat bo‘yicha fikrini bildirdi.
«Zavod ishchilari bilan suhbatlashib, ularning talablarini eshitdik. Zavod aholi yashash punktidan ancha olisda joylashgan va xodimlar deyarli barcha viloyatlardan kelib ishlashadi.
Ochig‘ini aytish kerak, pandemiyagacha 22 kun ish, 8 kun dam berilardi. O‘sha sakkiz kun davomida ishchilar uyiga borib, oilasini ko‘rib kelardi. Iyun oyidan boshlab 60 kun ish, 15 kun dam beriladigan tartibga o‘tdik. Zavod ishchilarining asosiy e'tirozi shunga bo‘lyapti. Ikki oy zavoddan chiqmay ishlash natijasida charchab qolishyapti.
Bundan tashqari, taomnomaga ham e'tiroz bildirishdi. Ovqatning sifatiga emas, kam ovqat berilayotganidan norozi bo‘lishyapti. Bu borada ham talab ikki xil aslida. Kimdir shu eski tartibda qolishini istasa, ayrimlar har kuni osh berilishini istayapti. Muammo yo‘q bu masalada. Endi ro‘yxat asosida, ishchilarning talabidan kelib chiqib taomnoma tuziladigan bo‘ldi.
Yana bir gap, bizda masalan, sentabr oyining maoshi oktabr oyining 15 sanasidan boshlab oy oxirigacha to‘lab beriladi. Ishchilar avgust oyining maoshini olib bo‘lishgan. Demak, oyliklarning kechikib berilishi haqidagi ma'lumotlar o‘rinsiz», dedi Baxtiyor Fozilov.















