Bu qaror bekorga qabul qilinmagan, chunki so‘nggi yillarda mamlakatda abortlar soni ko‘payib ketdi. Abort haqidagi qonunning keskinlashishiga qarshi bo‘lgan faollar va huquq himoyachilari Konstitutsion sudning bu qarori ortidan Polshada yashirincha abort avj olishi mumkinligi haqida aytishmoqda.

G‘alabami yoki motam?
Konstitutsion sudning abortni taqiqlovchi qarorini amaldagi hukumat tarafdori bo‘lgan o‘ngchilar va konservativlar xursandchilik bilan kutib olishdi.

«Bugun Avliyo Ioann Pavel II (marhum polshalik sobiq Rim papasi) vatanida uning xotirasi uchun Hayot O‘lim ustidan g‘alaba qozondi. 2020 yilning 22 oktabr kuni tarixga kiradi. Biz XX asrda hukm surgan totalitar tuzumlar merosi bo‘lgan himoyasiz odamlarni o‘ldirish amaliyotini to‘xtatamiz», deb yozgan Polsha parlamenti deputati Tomash Zimkovskiy tvitterdagi sahifasida.

«Farzand ko‘rish yoki ko‘rmaslik qarori homilador bo‘lishdan oldin qabul qilinishi kerak. Bunda kelajakda tug‘iladigan bola kasal bo‘lib qolishi mumkinligi ham inobatga olinishi kerak. Bolalarning nogiron bo‘lib tug‘ilishidan xavfsirab o‘ldirilishi konstitutsiyaga muvofiq emas», deb yozgan advokat va yozuvchi Magdalena Kojyekva-Kalishuk.

Qarorga qarshi bo‘lganlar unga juda keskin munosabat bildirishdi.

«Abortning taqiqlanishi ayollar uchun jahannam. Konstitutsion sudning bugungi siyosiylashtirilgan hukmi shuni anglatadi», deb yozgan Polsha parlamenti vitse-spikeri Malgojata Kidava-Blonskaya.

«Bu siyosiy pastkashlik», deb yozgan Polshaning sobiq bosh vaziri, Yevropa Xalq partiyasi yetakchisi Donald Tusk.

Huquq himoyachisi Marta Lempart barchani bu qarorga rozi bo‘lmaslikka va #PowiedzCoMyślisz (o‘z fikringni ayt) heshtegi bilan internetda joylashtirilgan 30 soniyali rolik ostida fikrlarini yozib qoldirishga chaqirgan.

Kelishuvning tugashi
Yangi qaror qabul qilinishidan oldin Polshadagi abort bilan bog‘liq qonun Yevropada eng og‘irlaridan biri edi. Shu paytgacha mamlakatda «abort kelishuvi» amal qilib kelayotgandi. 90-yillarning boshida, kommunistik rejim qulagach, g‘arbona tuzum o‘rnatilgan Polshada yangi davlatda abort qilishga ruxsat berish kerakligi haqida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tadi.