Holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati va Samarqand viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi mutasaddilaridan izoh oldik. Shuningdek, postlardan birida aytilgan Samarqanddagi bog‘cha mudiri bilan ham bog‘landik.

Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizovaning aytishicha, tarqalgan suratni ertalab ko‘rib, gap qaysi bog‘cha haqida ketganini aniqlay olmagan. Bu borada Samarqand viloyatidagi barcha tuman MTB mudirlariga ma'lumot jo‘natilgan va ichki surishtiruv o‘tkazilgan.

Dilfuza Azizova

Ko‘mir qanday yetkazib beriladi?

Shu o‘rinda boshqarma qaramog‘idagi bog‘chalarga ko‘mir qanday yetkazib berilishi bilan qiziqdik. Dilfuza Azizovaga ko‘ra, viloyatdagi mavjud bog‘chalarda yillik qancha ko‘mir ishlatishi aniq va shunga ko‘ra ko‘mir taqsimlanadi. Viloyat boshqarmasi ro‘yxat shakllantirib, viloyatdagi bog‘chalar kuz-qish mavsumi uchun qancha ko‘mir olishi lozimligini viloyat hokimligi va maktabgacha ta'lim vazirligiga yuboradi. Maktabgacha ta'lim vazirligi barcha viloyatlardan yuborilgan ma'lumotlarni «O‘zbekko‘mir»ga jo‘natadi.

Shundan so‘ng, omborlarga ko‘mir kelganda viloyat hokimligidan shu ishga mas'ul bo‘lgan mutasaddilar ko‘mirni turli tashkilotlarga taqsimlaydi va tumanlardagi maktabgacha ta'lim bo‘limlari navbati bilan o‘z hududidagi bog‘chalarga ko‘mir olib beradi.

Joriy yil Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan bog‘chalar uchun «O‘zbekko‘mir»ning Samarqand ko‘mir yetkazib beruvchi filialidan 894 tonna ko‘mir va 1686 tonna ko‘mir briketi xarid qilingan. Bundan tashqari, «Ko‘mir ta'minot» MChJdan 859 tonna briket olingan.

Dilfuza Azizovaga «Bog‘chalarga berilayotgan ko‘mirning sifatini nazorat qilasizlarmi? Mabodo qaysidir bog‘chaga sifatsiz ko‘mir to‘g‘ri kelib qolsa, o‘sha bog‘cha qanday yo‘l tutadi?» deb savol berdik. Uning aytishicha, bunday holatlarda bog‘chalar ombordan qanday ko‘mir berishsa, o‘shani olib ketishga majbur.

Shuning uchun ham maktabgacha ta'lim tizimi mutasaddilari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ko‘ndalang kelganda «O‘zbekko‘mir»ga ham, hukumatga ham, joylarda hokimlik mutasaddilariga ham ko‘mir emas, briket so‘rab murojaat qilishyapti. Ammo hozircha briketni hammaga yetkazib bo‘lmayapti. Berilayotgan ko‘mirning sifati esa yaxshi emas.

Bog‘chalarga berilayotgan ko‘mirning yarmi kukunga chiqadi. Ayrim bog‘chalar ko‘mir deb berilayotgan ko‘mir kukunini amallab yoqayotgan bo‘lsa, ayrimlari xodimlari bilan uni «ko‘mir tappi» qilib yoqmoqda.