2017 yilning 9 mart va 11 noyabr kunlari imzolangan prezident qarorlariga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan «2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha dastur amalga oshirilmoqda.
Loyiha istiqbolli maydonlar va konlarda quduqlar va obektlarni tezkor qurish orqali, keyinchalik uglevodorodlarni qazib chiqarish hajmlarini oshirish va saqlab turish, shuningdek, xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali ularni jihozlash uchun yo‘naltirilgan.
O‘tkazilgan tanlov savdolari natijasiga ko‘ra, quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlash bo‘yicha «ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC» (BAA) kompaniyasi, texnologik obektlarni qurish bo‘yicha «Enter Engineering RTe. LTD» (Singapur) kompaniyasi bosh pudratchilar sifatida aniqlangan.

Umuman olganda, dastur tadbirlari 1,3 mlrd dollar va 1,6 trln so‘m miqdorida moliyalashtirildi. Shu jumladan, «Gazprombank» va «Ipak yo‘li jamg‘armasi» (Xitoy) kreditlari olindi.
Dastur tadbirlari «Siemens», «Baker Hughes», «Weatherford», «Allend» kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb qilingan holda amalga oshirilmoqda.

Yakka pakerli birlashmani qo‘llagan holda quvurlarda qatlamlarni sinash, shuningdek, quduq tubi hududini termobarik-kimyoviy qayta ishlash usuli orqali uglevodorodlar oqimini ko‘paytirish kabi qazib chiqarish jarayonida ilg‘or usullar va texnologiyalar qo‘llanilmoqda.
Dasturni amalga oshirish boshlangandan buyon birinchi bosqich bo‘yicha «ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC2 kompaniyasi tomonidan 295 ta quduq burg‘ilandi, 328 ta quduqda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 338 km uzunlikdagi gaz-neft quvur-shleyflari, 398 km uzunlikdagi gaz-neft quvur-kollektorlari qurildi. «Enter Engineering RTe. LTD» kompaniyasi tomonidan birinchi bosqich doirasida uzunligi 46,3 km bo‘lgan «Uchqir-UMG»–«Gazli» gaz quvuri, «G‘arbiy» konida blok-modulli quduq usti kompressor qurilmasi, «Somontepa» siquv kompressor stansiyasi, «Arslon» konida gazni kompleks tayyorlash qurilmasi va «Uchqir» konida oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-tarmog‘i ishga tushirildi.

















