Davlat rahbari o‘z nutqida EKSPOdek yirik tadbirning o‘tkazilayotgani Xitoyning milliy iqtisodiyotni tiklashda erishayotgan muvaffaqiyatlaridan hamda keng ko‘lamli xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik nihoyatda zarur ekanidan dalolat berishini ta'kidladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti global inqiroz sharoitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va hududlararo aloqalarni rivojlantirishning muhim masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotni liberallashtirish, tashqi savdo rejimi va eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish, normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, «yashil yo‘laklar»ni shakllantirish, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish, yanada qulay investitsiya muhitini yaratish borasida izchil ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev transport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish va Markaziy Osiyo transport-tranzit salohiyatini kengaytirish muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ta'kidladi.
O‘zbekiston mintaqaviy va hududlararo aloqalarni mustahkamlash uchun keng istiqbollar ochib berayotgan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlayotgani, Markaziy Osiyo, Buyuk ipak yo‘li davrida bo‘lganidek, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-tranzit yo‘laklarining habiga aylanishi mumkinligiga ishonch bildirildi.
Markaziy va Janubiy Osiyo temir yo‘llari tizimlarini bog‘laydigan yangi transport yo‘laklarini yaratish borasidagi tashabbus katta ahamiyatga ega ekani, bu Yevroosiyo qit'asidagi quruqlik transporti tizimini tutashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Shu munosabat bilan davlat rahbari mamlakatimiz Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yangi multimodal transport yo‘lagi bo‘ylab temir yo‘l qurish loyihasini tezlashtirish tarafdori ekanini qayd etdi.
Bundan tashqari, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida «quruqlikdagi portlar», logistika va ulgurji-distribyutorlik markazlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini shakllantirish borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirish taklif etildi.
Ushbu tashabbuslarning ahamiyatini hisobga olib, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi sheriklar va xalqaro tashkilotlar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirildi.
















