O‘zbekiston | 16:45 / 06.11.2020
24299
3 daqiqa o‘qiladi

«Endi vazirlik ishiga aralashuv bo‘lmaydi» – Prezident sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazmoqda

Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda o‘lim holatlarining 60 foizi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini tomonidan oldini olish mumkin bo‘lgan yurak qon-tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelganini aytib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Unda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining vazifa va funksiyalarini qayta ko‘rib chiqish, oilaviy shifokor institutini keng tatbiq etish, tibbiy yordam qamrovini kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari yig‘ilish davomida amaldagi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish zarurligi va bunga sabab bo‘layotgan bir qator kamchiliklarni sanab o‘tgan.

Unga ko‘ra, tizimda birlamchi bo‘g‘in bo‘lmish qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar ish olib bormayotgani uchun hozirda aholi to‘g‘ridan to‘g‘ri markaziy poliklinika yoki shifoxonalarga murojaat qilmoqda va tor soha shifokorlarining 60 foiz vaqti maslahat berishga sarflanmoqda.

«Afsuski, bu bo‘g‘inning mas'uliyati va javobgarligi aniq belgilanmagan. 2019 yilda mamlakatimizda o‘lim holatlarining 60 foizi tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini tomonidan oldini olish mumkin bo‘lgan yurak qon-tomir tizimi kasalliklari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Endilikda har bir tuman va shahar hokimlari qishloq vrachlik punktlariga boradi. Ular hamma qatori navbatda turib ko‘rsin. Ko‘rsin ish qanday tashkil qilinganini. Xo‘sh, u yerda avtomashina bormi, uning yoqilg‘isi bormi? Ko‘rsin hokimlar shuni.

Endi biz joylardagi rahbarlarning ishini shunga qarab baholaymiz. Ular sinovdan o‘tsa ishlaydi, bo‘lmasa yo‘q.

E'tibor bering, 23 ming bemor – gipertoniyadan, 7 ming – infarktdan, 5 ming – qandli diabetdan, 3,6 ming – insultdan vafot etgan», degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident endilikda vazirlik faoliyatiga, uning kadrlar masalasiga aralashuvlar bo‘lmasligini ham alohida ta'kidlagan.

«Bu talab joylarda hokimlarga ham tegishli. Biz tizimga yangi vazir qo‘ydik. Uning qattiqqo‘lligi, zamonaviy rahbarligini hamma bilishi, quloq solishi kerak. Endi ko‘ngilbo‘shlik ketmaydi. Hech kim bu tizimga aralasholmaydi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid