Jahon | 08:19 / 06.11.2020
34503
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp murojaat bilan chiqdi va saylovda g‘alaba qozonganini ma'lum qildi. Qator telekanallar uning murojaatini efirdan uzib qo‘ydi

U saylovlarning adolatli o‘tishini himoya qilishga urinayotganini ma'lum qildi.

Foto: AP

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida amerikaliklarga saylovlar bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha murojaat qilib, qonuniy ovozlar hisoblansa g‘alaba qozonishini ta'kidladi. Bu haqda Fox News xabar bermoqda.

“Agar qonuniy ovozlar hisoblansa, men osongina g‘olib bo‘lganim oydinlashadi... Men ko‘plab o‘ta muhim shtatlarda, shu jumladan Florida, Ayova, Indiana, Ohayoda ishonchli g‘alaba qozondim”, - dedi Tramp.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u va uning saylovoldi kampaniyasi saylovlarning «korrupsiya tomonidan o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ymaydi». Shuningdek, Tramp barcha muhim hududlarda g‘alaba qozonganini, ammo mo‘jizaviy ravishda nomzodlar o‘rtasidagi ovozlar farqi qisqarib ketganini ta'kidladi. Prezident pochta orqali amalga oshirilgan ovoz berish jarayonini tanqid qilib, bu firibgarlik uchun imkon yaratishini bildirdi.

“G‘alabaga ishonish kerak. Ammo buning uchun Oliy sudga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Bizda saylovlarni soxtalashtirish bo‘yicha dalillar bor, ular ommaga ko‘rsatiladi. Demokratlar saylovlarni o‘g‘irlashga urinmoqda. Pochta orqali berilgan ovozlar hatto saylovlar tugaganidan bir kun o‘tgach ham kelmoqda - ularda Baydenga ovoz berilgan. Pochta orqali ovoz berish tizimi korrupsiyaga olib keldi. Shunday bo‘lsa ham, Respublikachilar partiyasi ajoyib natijalarni ko‘rsatdi. U Senatni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi”, - dedi Tramp.

ABC, CBS va MSNBC kabi bir qator telekanallar Donald Trampning Oq uydan qilgan murojaati translatsiyasini efirdan uzib qo‘ydi. Ushbu harakat yolg‘on bayonotlarga qarshi kurash bilan bog‘liq bo‘lgani aytiladi. 

“Hozir biz yana bir bor g‘alati vaziyatga tushib qoldik. AQSh prezidentining so‘zini nafaqat to‘xtatishga, balki tuzatishga ham to‘g‘ri kelmoqda”, - dedi MSNBC telekanali boshlovchisi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli millionlab amerikaliklar saylov uchastkalarida yig‘ilmaslik uchun pochta orqali ovoz berdi. Saylovlar bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar va ekspertlarning ta'kidlashicha, pochta orqali ovoz berishda soxtalashtirish holatlari kam uchraydi.

Mavzuga oid