Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DXSh loyihalari doirasida sarmoya kiritgan tadbirkorlar manfaatini himoya qilish kuchaytiriladi
Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Kun.uz’da e'lon qilingan “Davlat tashkilotlari ozar investorini “koptok” qilmoqda. 3 kunlik ish 3 oyda ham bitmadi” sarlavhali maqola yuzasidan fikr bildirdi.
“Afsuski, qonunchilikdagi kamchiliklar, byurokratik to‘siqlar, tender jarayonlaridagi murakkabliklar hamda vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) doirasida investorlar bilan ishlash, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar muvofiqlashtirilmaganligi sababli bugungi kunda ko‘plab DXSh loyihalari asossiz kechiktirilishi yoki amalga oshirilmay qolib ketishi kuzatilmoqda”, – deydi deputat.
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019-2020 yillar davomida DXSh doirasida ishlab chiqilgan 66ta loyihadan atigi 13tasida (20 foiz) bitim imzolangan.
G‘aniyevning ma'lum qilishicha, uning mas'ulligida amaldagi qonunchilikdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda DXSh sohasini yanada rivojlantirish, loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat rahbarining joriy yil may oyida o‘tkazilgan yig‘ilishida bergan topshiriqlari asosida “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
“Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida rivojlangan davlatlar amaliyotini o‘rganishga, imkon qadar qonun loyihasini DXSh sohasida qabul qilingan xalqaro qonunchilik talab va me'yorlarga moslashtirishga hamda xorijiy investorlar va ekspertlarning qonun loyihasi yuzasidan taklif va fikrlarini qamrab olishga harakat qilinmoqda. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari va mahalliy konsalting kompaniya mutaxassislari ishtirokida qonun loyihasining muhokamasi o‘tkazilib, ularning ham taklif va mulohazalari asosida qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
DXSh loyihalarini amalga oshirish jarayonida amaliyotda investorlar to‘qnash kelayotgan muammolardan kelib chiqib, qonun loyihasida, birinchi navbatda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan DXSh loyihalariga yer uchastkalarini ajratishda ularning rolini belgilash, shuningdek, xususiy sherikning ishtiroki va tanlab olish mezonlari, tender jarayonini soddalashtirish va muddatini qisqartirish, ayniqsa, xususiy tashabbuskor tomonidan ilgari surilgan DXSh loyihalarida tender jarayonini yengillashtirishga doir o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bundan tashqari, maxsus loyiha tashkilotini tuzish, kreditorlar manfaatlarini himoya qilish va ishtirokini ta'minlash bo‘yicha takliflar ilgari surilmoqda.
Umid qilamanki, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda DXSh sohasidagi munosabatlarning huquqiy asosini takomillashtirishga hamda xalqaro amaliyotga mos DXSh loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan bog‘liq yagona qoida va talablarning o‘rnatilishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, DXSh loyihalari doirasida sarmoya kiritib, yangi ish o‘rinlari yaratishni, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifati va raqobatbardoshligini yaxshilashni niyat qilgan mahalliy va xorijiy tadbirkorlar manfaatini himoya qilishga, byurokratik to‘siqlarning kamayishiga ijobiy ta'sir qiladi”, – deb yozadi deputat.
Shuningdek, Doniyor G‘aniyev maqoladagi investor muammosiga yechim topish yuzasidan DXSh rivojlantirish agentligiga murojaat qilganini aytgan. Agentlik rahbari muammo yuzasidan Toshkent shahar hokimi bilan uchrashib, muammoga yechim topishga erishgan hamda hokimlik tomonidan investorga DXSh loyihasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yerdan foydalanish qarori kelasi hafta chiqarib berilishiga va'da berilgan.
Bundan tashqari, maqoladan so‘ng Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi va Sog‘likni saqlash vazirligi investorning muammosi o‘rganilayotgani hamda tez kunlarda yer ajratish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilinishini ma'lum qilgan.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.
Mavzuga oid
10:25
Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi
08:49 / 04.06.2026
Toshkentda 40 ta zamonaviy AYoQSh qurish rejalashtirilmoqda
13:52 / 02.06.2026
«Navoiyazot» huzurida 1 mlrd dollarlik yangi kimyo loyihalari amalga oshiriladi
11:21 / 20.04.2026