Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ushbu kasallikning belgilari, davolash usullari haqida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov bilan suhbatlashdi.

— D vitamini yetishmovchiligi qanday kasallik?
— D vitamini yetishmovchiligi, ya'ni raxit xastaligi bir umrlik asoratlar qoldiruvchi faqat kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan kasallikdir. U bola organizmida D vitamini yetishmasligi natijasida kelib chiqadi. Bolaning rivojlanishi, xususan, suyakning o‘sishi hamda mustahkam bo‘lishi uchun organizmga kalsiy va fosfor elementlari zarur bo‘ladi. D vitamini esa kalsiy va fosforning ichakdan so‘rilishi, ularning suyak, mushak va boshqa a'zo to‘qimalariga yetib borishini boshqaradi.
Agar organizmda D vitamini yetishmovchiligi kuzatilsa, bolaning kalsiy va fosfor elementlariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmaydi. Bu esa o‘z navbatida raxit xastaligini keltirib chiqaradi. Ko‘pincha ushbu kasallik kech kuz va qish oylarida tug‘ilgan bolalarda uchraydi. Sababi bu fasllarda tug‘ilgan bola uchun quyosh nuri yetarli bo‘lmaydi.
— Raxit kasalligidan saqlanish uchun nima qilish kerak?
— Albatta, quyoshli kunlarda va ertalab ochiq havoda sayr qilish bola uchun juda foydali. Sayrga kunning eng qulay vaqti ertalab soat 8:00dan 11:00gachadir. Yoz kunlari kechki 18:00dan keyin hisoblanadi. Ochiq havodagi sayr bolani chiniqtirish bilan birga organizmda D vitamini ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Hattoki, homilador ayolning quyosh nuridan bahramand bo‘lishi ham farzandida D vitamini yetishmovchiligi bo‘lmasligida muhimdir.
Shuningdek, bolaga D vitaminiga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar: mol go‘shti, ayniqsa, baliq, tuxum hamda jigar mahsulotlarini berish ham uning raxit kasalligiga chalinmasligini ta'minlaydi. Go‘dakka qo‘shimcha mahsulotlar berilmaydigan davrda ona D vitaminiga boy mahsulotlar kalsiyga to‘yingan oziq-ovqat: sut va sut mahsulotlari, turshak, loviya, xurmo, ko‘k piyozlarni muntazam iste'mol qilsa, ushbu moddalar ona suti bilan birga farzandiga o‘tadi va uning sog‘lom bo‘lishiga zamin yaratadi.
















