AQShning 45-prezidenti Donald Trampning muddati poyoniga yetmoqda. Saylovda yutqazgach, u 2021 yilning 20 yanvarida Oq uyni tark etishi, uning ma'muriyati esa — ishni Jo Baydenning jamoasiga o‘tkazishi kerak. Ammo Tramp va uning atrofidagilar hamon saylov natijalarini tan olishdan bosh tortishmoqda va u mag‘lub bo‘lgan bir necha shtatlarda ovozlarni qayta hisoblab chiqishni talab etishmoqda. U vaqtni cho‘zishga harakat qilayotganining sabablaridan biri unga bir necha ish bo‘yicha sud da'volari xavfi mavjudligi bo‘lishi mumkin, u prezidentlikdan ketib, daxlsizlik immunitetini yo‘qotgach darhol sud jarayonlari boshlanib ketishi ehtimoli ham bor. Kelgusida u nimalar bilan mashg‘ul bo‘ladi va o‘zini yoqtirmaydigan Vashingtonni tark etib Floridadagi mulkiga ketadimi? Meduza shu kabi savollarga javob izladi.

Tramp o‘zi ketadimi?
Donald Tramp prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘ldi, ammo hokimiyatni topshirish jarayonini boshlash tugul, saylov natijalarini tan olishni ham istamayapti. U har kuni saylovlardagi soxtalashtirishlar haqida tvit yozib, demokratlarni ayblamoqda, uning shtabi esa uning Jo Baydenga mag‘lubiyati qayd etilgan shtatlarda natijalar bo‘yicha yangidan yangi da'volar haqida e'lon qilmoqda.

Shu bilan birga, Trampning huquqshunoslari hozirgacha saylovdagi soxtaliklar bo‘yicha biror dalil keltirmadi. Pensilvaniyada ular pochta orqali yuborilgan byulletenlarni hisoblashning qonuniyligi bo‘yicha bahslashishga urinishdi; ammo sudyaning ularning ayblovi kimni soxtakorlikda ayblashga qaratilgani haqidagi savoliga Trampning huquqshunosi tasdiq javobini bera olmadi. Da'voda 600ga yaqin byulleten shubha ostida ekani ko‘rsatib o‘tilgan; Tramp esa Pensilvaniyada Jo Baydendan 50 ming kam ovoz olgan. The New York Times nashri xabar qilishicha, saylov komissiyasi vakillari — demokratlar ham, respublikachilar ham o‘z shtatlarida keng ko‘lamli soxtalashtirish alomatlarini qayd etishmagan. Hozircha faqat Jorjiyada ovozlar qayta hisoblanishi e'lon qilindi, ammo bu shtat saylov komissiyasi saylovlarda keng miqyosda soxtalashtirish gumoni bo‘lgani uchun emas, ikki nomzodga berilgan ovozlar sonida farq kichik bo‘lgani tufayli — bu shtatda Bayden Trampga qaraganda 14 ming ko‘proq ovoz to‘plagan.

Shunday ekan, ko‘p sonli sud da'volarini vaqtni cho‘zishga urinish deb hisoblash mumkin: Donald Tramp ertami kechmi baribir mag‘lubiyatini tan olishiga va Jo Baydenni tabriklashiga, hokimiyatni saylangan prezident ma'muriyatiga o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Davlat kotibi Mayk Pompeo esa 10 noyabr kuni yoki hazillashib, yoki chindan hokimiyat Trampning birinchi ma'muriyatidan ikkinchi ma'muriyatiga osonlik bilan o‘tishini va'da qildi. 

Muddati tugagan prezident hokimiyati funksiyalari yangisiga o‘tishi odatda umummilliy saylovlar yakunlari ma'lum bo‘lishidan keyin, Kongressning yangi chaqirig‘i yanvar oyida saylovchilar hay'atining ovoz berish natijalarini rasman e'lon qilishidan oldin boshlanadi. Hokimiyat tranziti jarayonida minglab kishilar ishtirok etadi: o‘nlab boshqarmalar va departamentlardagi xodimlar ishni o‘zidan keyin keluvchilarga o‘tkazadi, yana bir guruh Oq uyda yangi keluvchilar uchun sharoit hozirlash ishlari bilan shug‘ullanishadi. Yangi kelganlarning barchasi infratuzilma va logistika bilan — kabinetlar va xizmat avtomobillaridan tortib kanstovarlar va kompyuterlar bilan ta'minlanadi.