O‘zbekiston | 16:15 / 14.11.2020
5377
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi O‘zbekistonda ishsizlik darajasi pasayganini ma'lum qildi

O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi 11,1 foizni tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 2,1 foizga kamaydi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarda aytilishicha, joriy yilning sentyabr oyida Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikaning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Tadqiqot davomida 490ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26,0 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.  

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 19,1 mln kishini tashkil etib, 2019 yilning shu davriga nisbatan 0,7 foizga yoki 135,5 ming kishiga oshgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,2 mln kishini tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3,7 foizga (468,5 ming kishiga) oshgan.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida rasmiy sektorda band aholi soni 5,6 mln kishini tashkil qilib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 1,7 foizga yoki 92,6 ming kishiga oshdi.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,6 mln kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 9,9 foiz yoki 504,2 ming kishiga ortgan. Bu asosan respublikadan tashqariga ishlash uchun chiqadigan mehnat migrantlarining ichki mehnat bozoriga qaytib kelishi hamda mavsumiy ishlar qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning ortishi evaziga yuzaga kelgani aytiladi.
  
Respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 1,9 mln kishini tashkil etgan, bu joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 128,3 ming kishiga yoki 6,3 foizga kamaygan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari ko‘ra, ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1,6 mln kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 11,1 foizni tashkil etganligini ko‘rsatdi. 16-30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ishsizlik darajasi - 17,1 foiz, ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi esa - 14,7 foiz bo‘ldi.

Joriy yil yanvar-sentyabr oylarida respublikada iqtisodiy nofaol aholi 4,2 mln kishini tashkil etib, joriy yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3 foizga yoki 130,3 ming kishiga kamaygan.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilgan 910 201 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatildi.

Murojaat qilgan fuqarolarning 243 946 nafari ish bilan ta'minlandi, 500 449 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi, 25 384 nafar ishsizlar kasbga o‘qitildi, 45 036 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 38 002 kishiga mehnat munosabatlari bo‘yicha konsultatsiyalar berildi.

Shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga 30 827 nafar oila shaxsiy tomorqalarda, 19 174 nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativlarida band qilindi, 7 383 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi.

Mavzuga oid