Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha nutq qilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yevrobond haqida gapirib o‘tgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Yevroobligatsiya masalasi bo‘yicha, Fitch’dan reytingimiz bor, shaharniki. Unga 500 million (dollar – tahr.) beraman, 100 millionni, ruxsat bersangiz, shifoxonalarga ishlatsak», — degan shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Yevroobligatsiya (yevrobond) — xalqaro moliya bozoridan qarz jalb etish uchun o‘rnatiladigan qimmatli qog‘oz, obligatsiya kuponlar.
Ortiqxo‘jayev so‘zlari yuzasidan Toshkent shahar hokimligi rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida izoh berilmagan. Shuningdek, «O‘zbekiston24» tayyorlagan reportajda hokimning 500 million dollar qiymatdagi yevroobligatsiya chiqarish rejasi aniq bayon etilmagan.
Budjet kodeksiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida mahalliy hokimliklar budjetini qabul qilish va ijro etishda tegishli budjetlar mablag‘lari hisobidan boshqa yuridik va jismoniy shaxslar foydasiga moliyaviy kafolatlar va kafilliklar berishga hamda yuridik va jismoniy shaxslarga budjet ssudalari va kredit liniyalari berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Prezident qaroriga muvofiq, ilk marotaba jahon moliya bozorlarida O‘zbekiston Respublikasining umumiy hajmi 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi 5 va 10 yil muddatli suveren xalqaro obligatsiyalari joylashtirilgandi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi suveren qarzlar, shu jumladan korporativ (bank) qarz majburiyatlari emissiyasini muvofiqlashtirish bo‘yicha barcha operatsiyalarni amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.
Moliya vazirligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, shahar hokimligining yevrobondlarni joylashtirish masalasida taklifi Moliya vazirligiga kelib tushmagan, xususan, bu haqda vazirlik xabardor qilinmagan.
Ma'lumot uchun, Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkentga suveren reyting darajasida «Barqaror» prognozi bilan uzoq muddatli «BB-» reytingini bergan














